Vadim Abramov: “Muxlislarning ishonchini oqlay olmaganimiz uchun uzr so‘raymiz”

Avval xabar qilganimizdek, futbol bo‘yicha jahon chempionati saralash bosqichi 8-turidan o‘rin olgan Saudiya Arabistoni – O‘zbekiston uchrashuvida vakillarimiz yirik 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

“Saudiya Arabistonini tabriklayman. Jahon chempionatiga yo‘llanma olishini tilayman. Bizning jamoani ko‘pchilik muxlislarimiz qo‘llab-quvvatlashdi. Ularning ishonchini oqlay olmaganimiz uchun uzr so‘rayman.

Futbolchilarni psixologik tushkunlik holatidan chiqara olmaganim mening xatoim. Boshidan nima uchun bunchalik bo‘shashganimizni tushuntirib berishim qiyin.

Biz Saudiyaning qarshi hujumda tez harakat qilishini bilar edik. Shunga qarab qanotlarni kuchaytirdik. Lekin oldinga o‘tib ketib birinchi va ikkinchi gollarni qabul qilib oldik. Raqiblarimiz juda osonlik bilan darvozamizga yo‘l topa oldi”, dedi terma jamoa bosh murabbiyi o‘yindan so‘ng.