Vakant lavozimlarga o‘tkazilayotgan tanlovlar shaffofmi?
“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunining 27-moddasida davlat fuqarolik xizmatiga kirish tanlov asosida amalga oshirilishi, 29-moddasida davlat fuqarolik xizmatining bo‘sh turgan (vakant) lavozimini egallash maxsus vakolatli davlat organi (Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi)ning axborot tizimi (vacancy.argos.uz - portali) orqali o‘tkaziladigan tanlovlar asosida amalga oshirilishi belgilangan.
Bundan tashqari, 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga asosan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarda ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish hamda tanlov doirasida o‘tkaziladigan sinov tadbirlarini Internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida kuzatishni nazarda tutuvchi tartib joriy etilishi belgilangan.
Mazkur qonun va qaror talablaridan kelib chiqib, Samarqand viloyatida joriy yilning 10 yanvar – 10 avgust holatiga Davlat fuqarolik xizmati vakant lavozimlarining yagona ochiq portali – vacancy.argos.uz portali orqali 1431 ta tanlov e’lon qilinib,
internet nashrlarida yoritib borildi.
E’lon qilingan tanlovlarga 30 858 nafar nomzodlar ishtirok etish uchun ariza topshirgan bo‘lib, bir vakant lavozimga o‘rtacha 22 nafar nomzod to‘g‘ri kelmoqda.
Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan va lavozim uchun belgilangan malaka talablariga mos deb topilgan 12 557 nafar nomzodlarning bilimi test.argos.uz orqali sinovdan o‘tkazilib, shundan belgilangan balni qo‘lga kiritgan 3 231 nafar nomzodlar suhbat bosqichiga o‘tkazildi.
Agentlikning viloyat filiali tomonidan tanlovlar belgilangan talablar asosida o‘tkazilishi ustidan nazorat o‘rnatilgan. Jumladan, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunning 26-moddasiga asosan joriy yilning shu kuniga qadar 13 marotaba monitoring ishlari olib borildi hamda 22 ta holatda tanlov o‘tkazish tartiblari qo‘pol ravishda buzilganligi aniqlandi.
Yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishi holatlari bo‘yicha viloyat boshqarmalari hamda mahalliy hokimliklarga 13 ta taqdimnoma, 7 ta ogohlantirish, 5 ta ma’muriy takliflar kiritildi.
Natijada aniqlangan barcha qonun buzilish holatlari bartaraf etilib, viloyat Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi tizimida 9 nafar, Qo‘shrabot tumani hokimligida 6 nafar, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tizimida 4 nafar, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi, Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi hamda Yoshlar ishlari agentligi tizimida 1 nafardan tanlovsiz (tanlov g‘olibi aniqlanguniga qadar vazifasini bajaruvchi qilib) ishga qabul qilingan xodimlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.
Qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan kadrlar ishiga mas’ul bo‘lgan xodimlardan 1 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 3 nafariga “Hayfsan” intizomiy chorasi qo‘llanildi. Yana 2 nafar tashkilot rahbariga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanildi.
Xulosa o‘rnida shuni eslatib o‘tmoqchimizki, davlat fuqarolik xizmati tadbiq qilinadigan davlat organlari va tashkilotlarining hududiy boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlardagi ma’muriyat lavozimlariga xodimlarni tanlovlarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishga qabul qilish qonun talablarining buzilishi deb baholanadi. Shu sababli, barcha rahbarlar ogohlikka chaqiriladi.
Foziljon Axatov,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali bosh inspektori.