“Vaqt mashinasi” ixtiro qilinganmi?
Insoniyat qadim zamonlardan buyon o‘tmishga yoki kelajakka sayohat qilishni xayolan orzu qiladi. Tarixni o‘zgartirgan voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish yoki ko‘p yillar oldin qilingan xatoni tuzatish imkoniyati turli davrlardagi dono kishilarining tinchini buzib kelgan. Ilm-fan hanuzgacha vaqtga sayohat qilish mumkinligini bilmaydi. Shunga qaramay, o‘tmishga yoki kelajakka sayohat qilishga muvaffaq bo‘lgan taxminlar ro‘kach qilinadi.
«Vaqt sayyohatchisi» 1943 yilda tushirilgan fotosuratda topilgan
Ushbu rasm vaqtdan-vaqtga sayohat qilish mumkinligini tasdiqlovchi yagona dalil emas. Bunday «sayyohlar» qo‘llarida yoki egnida o‘sha davrga to‘g‘ri kelmaydigan ashyolar bilan fotokameralar ob’yektivlariga tushirib qolingan.
Britaniyalik videomuharrir Styuart Hamfris 1943 yil tushirilgan quyoshli kunda angliyalik ishchilarning plyajga kelgan suratini ijtimoiy tarmoqlarning birida joylashtirdi. Foydalanuvchilarning e’tiborini tortgan rasmning markazida turgan odam qo‘lidagi bir narsani ko‘zdan kechirib turardi. Darhol bu odam o‘z smartfonini tekshirayotgani to‘g‘risidagi taxminlar paydo bo‘ldi. Bu holatda ishchi yana nimani ko‘zdan kechirishi mumkin edi?
Foydalanuvchilar Hamfrisni ushbu sirli odam ishchi niqobida bo‘lgan vaqt sayohatchisi ekanligiga ishontirmoqchi bo‘lishdi. Biroq Styuart u odam oddiygina sigareta qog‘ozini burayotgan bo‘lishi mumkin bo‘lganligini ta’kidladi.
XXI asr boshidan 1940 yilga tushib qolgan «Vaqt sayohatchisi»
2012 yilda Kanada muzeyidagi ko‘rgazmada 1941 yilda Vankuver ko‘prigining ochilishida tushirilgan fotosurat qo‘yildi. Biroq muzeyga kelganlar o‘sha yillardagi modada kiyinganlar orasida zamonaviy qora ko‘zoynak taqqan va u paytlarda hali rusumga kirmagan “kardigan” kiygan kishiga e’tibor berishdi. U 1941 yilda yashagan mehnatkashdan ko‘ra, ko‘proq zamonaviy megapolis yashovchisini eslatardi. Mutaxassislar suratni montaj qilinganligini aniqlash maqsadida o‘rganish uchun ekspertizaga olib ketishdi. Ammo fotosurat qalbakilashtirilmaganligi to‘g‘risida xulosaga keldilar. Olimlar ham bu hodisa sababini tushuntira olishmadi.
Viktor Goddardning kelajakka parvozi
Angliyalik uchuvchi janob Goddard 1935 yilda Edinburg yaqinidagi tashlandiq aerodrom ustidan uchib, ko‘zdan kechirish topshirig‘ini oldi. Aylanib uchib, aerodrom bazasiga yo‘l olgan Goddard xira sariq bulutlar orasiga kirib qoldi. Undan chiqayotib, u hayratlanarli manzarani ko‘rdi: uchish-qo‘nish maydoni butunlay ta’mirlangan, yangi samolyotlar turadigan maxsuc bino - Angarlar yonida negadir sariq rangli mashinalar turardi. Ularning orasida ko‘k rangli kombinezon kiygan mexaniklar yurardi.
O‘sha paytda Britaniya qirolligi harbiy-havo kuchlarida sariq rangli samolyot va bunaqa maxsus kiyim topilmasdi. Biroq 1939 yilda Goddardning «bashorat»i amalga oshdi – samolyotlarni chindan ham sariq rangga bo‘yash boshlandi va mexaniklarga ko‘k rangli kombinezonlar berildi. Edinburg yaqinidagi aerodrom esa tartibga keltirildi.
Qabrdan topilgan shveysar soati
2008 yilda xitoylik arxeologlar XV asrda yashab o‘tgan Si Sin imperatorining qabri ichida qoldirilishi hech ham iloji bo‘lmagan shveysar soatini topishdi. Soat millari 10:06 da qotib qolgan edi. Uning orqa qopqog‘ida soat aynan Shveysariyada ishlab chiqarilganligi to‘g‘risidagi yozuvi bor edi. Hozircha olimlar tegilmagan qabrga soat qanday tushib qolganligini izohlay olishmayapti.
Vaqt sayohatchilari to‘g‘risida bir necha o‘nlab hikoyalar mavjud. Afsuski, hech bir sayyoh o‘z hikoyasining ishonchli dalillarini taqdim etmagan va ularning haqiqatga yaqinligi to‘g‘risidagi savollar hamon ochiqligicha qolmoqda.
Bahora MUHAMMADIYeVA tarjimasi.