Eshak arava ortidan “Captiva”, “Hyundai”

Oqdaryo tumanidagi Pichoqchi mahallasida qo‘li gul hunarmandu ishbilarmon tadbirkorlar talaygina. Uning nomidan ham bilsa bo‘ladiki, qadimda bu hudud temirchilari bilan taniqli bo‘lgan.

Mahallaning Karki qishlog‘ida yashovchi Kamoliddin Isoqulov 2002 yildan beri hunarmandchilik bilan shug‘ullanib keladi.

- Ishni boshlaganimda 22 yoshda edim, - deydi u. – Ikki ukam yordamchi edi. Aravachalar yasab sotardik. Dastlab eshagimiz uchun arava yasaganmiz. Keyin qo‘l arava, zambilg‘altaklar tayyorlab, eshak aravamizga ortib bozorga chiqarardik. Ko‘p qiyinchiliklarga duch kelganmiz. Elektr energiyasida uzilishlar ko‘p bo‘lardi. Tekshiruvchi “katta”lar kelaverib, ishimizga xalaqit berardi. O‘shanda uch aka-uka topganimiz ro‘zg‘or tebratishga zo‘rg‘a yetardi. Ayrim tanishlarim bu ishni yig‘ishtirib, xorijda ishlashga taklif qilgan. U yerda bir o‘zim ming dollarlab pul topishim mumkinligini aytardi. Ammo ularning gapiga quloq solmasdan, boriga shukur qilib, shu ishimni davom ettiraverdim.

Kamolliddin Isoqulov asta-sekin faoliyatini kengaytirib bordi. Ayniqsa, keyingi yillarda hunarmandlarga, tadbirkorlarga  yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, oilaviy korxona tashkil qildi. Hozir bu yerda o‘nlab yoshlar ish bilan band.

- Ish boshlaganimizda velosipedimiz ham yo‘q edi, - deydi K.Isoqulov. - Oddiy xodalarni birlashtirib, ustiga klyonka yopib, qo‘lbola ustaxona qurib olgandik. Bugun faoliyatimiz kengayib, erkin ishlashimiz uchun sharoitlar yaratilgan. Chizel, plug va boshqa qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan moslamalar tayyorlayapmiz. Sifati xorijnikidan qolishmaydi va ularga nisbatan 5-6 baravar arzon. Daromad ham yomonmas, oyiga xarajatdan tashqari 30-40 million so‘m qolyapti. Shuning evaziga uylar quryapmiz, to‘ylar qilyapmiz, Zamonaviy mashinalar sotib olganmiz. Bizga qo‘shimcha yer ajratilishi bo‘yicha mas’ullarga murojaat qilganmiz, shu masala hal etilsa, korxonamiz faoliyatini yanada kengaytirib, mahallamiz yoshlari uchun yangi ish o‘rinlari yaratishni rejelashtiryapmiz.

Ha, pul topish uchun qishlog‘ini tashlab, xorijga ketmagan Kamoliddin aka kam bo‘lmadi. Sabr qilib, oilasi bag‘ridan uzoqlashmay hunarmandchilik bilan shug‘ullanib ham mo‘may daromad topsa bo‘lishini isbotladi.

Dilnoza Ahmadova,

Baxtiyor Mustanov.