Vatan bayrog‘i – g‘ururimiz

Xabar berganimizdek, Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 31 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarbo‘lib o‘tdi.

Tadbir Registon maydonidan boshlandi.

20x40 metr o‘lchamdagi bayroqni ko‘targan harbiylar, yoshlar, ichki ishlar va milliy gvardiya boshqarmasi otliq va mototsikl otryadlari texnika vositalari Ko‘ksaroy maydoni tomon harakatlandi. Bayram mazkur maydondagi ulkan bayroq ostida madaniy-ma’rifiy tadbir bilan davom etdi.

Sanaga bag‘ishlangan tadbirlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida ko‘tarinki ruhda nishonlandi.

- Tog‘lar etagida, qir-adirlar bag‘rida joylashgan korxona va tashkilotlarimiz binolarining yuqori qismida davlatimiz bayrog‘i hilpirab turadi, - deydi Qo‘shrabot tumani hokimi o‘rinbosari Xolbek Ko‘bayev. – Bu albatta, bizga o‘zgacha g‘urur bag‘ishlaydi. Davlatimiz bayrog‘i qabul qilingan kunni qo‘shrabotliklar ham tantanali kutib oldi. Hokimlik binosi yonidan tuman markazidagi bolalar musiqa va san’at maktabi hududigacha korxona va tashkilotlar xodimlari, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari bayroqlarni baland ko‘targan holda hilpiratib, yurib bordi. Bu, albatta, aholi, xususan, yoshlarning yurtga bo‘lgan mehrini, Vatan bayrog‘iga bo‘lgan hurmatni oshirishga xizmat qiladi.

Tadbirlarda shoir va yozuvchilar hamda taniqli san’atkorlarning chiqishlarida ham Vatanimiz bayrog‘i madh etildi.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).