Vatan, gulxan bo‘lay o‘choqlaringda!

Shoira Xosiyat Bobomurodovaning yuqoridagi misralarini o‘qirkanmiz, viloyat musiqali teatrda bo‘lishi rejalashtirilgan she’riyat kechasi tashqarida havo harorati qariyb qirq darajaga yaqinlashib qolgan bir ob-havoga to‘g‘ri kelishi bejiz emasligini his qildik.
Uning Vatan haqida yozilgan she’rlarining har bir satri qalbingizga cho‘g‘ soladi, inchunun, ularning har biri qalb qo‘ri-la bitilgan, satrlardan ohanglar evrilgan.
Ha, Samarqand viloyat musiqali drama teatrida xalqimizning sevimli shoirasi, “Shuhrat” medali, “Mehnat shuhrati” va
“El-yurt hurmati” ordenlari sohibasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xosiyat Bobomurodovaning tabarruk 75 yoshga to‘lishi munosabati “Gulxonaga aylansin Vatan” nomli badiiy-ma’rifiy kecha boshlandi. Ichkarida havo harorati mo‘’tadil bo‘lsa-da, so‘z ixlosmandlari olov qalbli shoira taftidan qo‘r olib o‘tirishgani rost.
Kechada viloyat hamda poytaxtimizda, umuman, respublikamizning turli hududlarida ijod qilayotgan ijodkorlar, viloyat hokimligi va qator tashkilotlar vakillari, bir so‘z bilan aytganda, she’riyat ixlosmandlari jamlandi.
Kecha avvalida Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni bugungi she’riyat, adabiyot bayrami bilan qutlar ekan, yoshlar tarbiyasi, inson kamolotida ijodkorlar mehnatining qadriga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Bunday ijodkorlar safida bugun Xosiyat Bobomurodova nomining alohida aytilishi, shoira ijodida go‘zal tuyg‘ular qatorida Vatanga muhabbat mavzusi alohida o‘rin tutishi ta’kidlab o‘tildi.
Badiiy sahnada mehmonlar, adabiyotshunos, shoir va yozuvchilar tomonidan aytilayotgan so‘z, fikrlar, san’atkorlar tomonidan ijro etilayotgan kuy-raqslar davom etmoqda.
Gulruh Mo‘minova.