Vatan haqiga munojot
Arxeolog Amriddin Berdimurodovning Amir Temur va temuriylar davri tarixi, Samarqand hamda O‘zbekiston o‘tmishiga daxldor qiziqarli maqolalarini “Zarafshon” gazetasi sahifalarida ko‘p o‘qigansiz. Olimning ko‘plab maqolalari va kitoblari Rossiya, Fransiya, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Italiya, Gollandiya kabi mamlakatlarda ham nashr etilgan.
Amriddin Berdimurodov yaqinda “Vatan haqiga munojot” nomli publitsistik asarini yozib tugatdi.
E’tiboringizga muallifning ushbu asarida keltirgan Samarqand haqidagi ayrim ma’lumotlarni havola etamiz:
“Jasur Spitamen bilan jang qilayverib, biror natijaga erisha olmay tinka-madori qurigan, minglab askarlaridan judo bo‘lgan Iskandar unga bitim taklif qiladi. Yunon podshosi Spitamenga o‘z elchilari orqali: “Agarda shartlarimga rozi bo‘lsang, sen Samarqand hukmdori bo‘lib, shohona yashayverasan”, deydi. Ammo Spitamen Vatanni yov qo‘liga topshirib, bir qismida davru davron surishni xohlamaydi. U Vatanini yaxlit, ozod ko‘rishni xohlaydi. Shu yo‘lda shahid bo‘ladi...”.
***
“Amir Temur Vatanning sha’ni, or-nomusi, erkini deb Samarqanddan to Qora dengiz bo‘ylarigacha, Oltin O‘rdadan shimol tundrasigacha, Amudaryodan to Nil daryosi qirg‘oqlarigacha ot surdi. Vatandoshlarining mo‘g‘ullar toptagan g‘ururini ko‘tarish uchun osmono‘par binolar barpo qildi. Agarda Sohibqiron xohlasa yiqqan boyliklarini bemalol sovurib, shohona aysh-ishratda yashab o‘tishi mumkin edi”.
***
“Temuriylar davrida poytaxt Samarqand ulkan ijodiy laboratoriyaga aylangan, bu muazzam shaharda yangi fikrlar g‘oyalar va kashfiyotlar tug‘ilgan. So‘ngra maromiga yetgach, xuddi quyosh nurlari kabi Yer yuziga tarqalib ketgan”.