"Vatanparvar" tashkiloti: targ‘ibot tadbirlari samara beryapti

O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi "Vatanparvar" tashkiloti Samarqand birlashgan texnika maktabi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda o‘quvchilarga xizmat avtomobilini boshqarish, yo‘l harakati, vazifa xavfsizliklari kabi qator masalalar bo‘yicha tushuncha berildi va mavzuga oid videofilm namoyish etildi.
***
«Vatanparvar» tashkiloti viloyat kengashiga qarashli «Nayman» o‘quv-sport klubi a’zolari tomonidan Oqdaryo tumanidagi 38 va 43-umumiy o‘rta ta’lim maktabida yosh avlodni Vatanni himoya qilishga tayyorlash, ularda harbiy vatanparvarlik ruhini shakllantirishga qaratilgan tadbir tashkil etildi.
Tadbir davomida yoshlar «Mening dadam Vatan himoyachisi» mavzusida insho yozish hamda «Vatanga xizmat – sharafli burch» mavzusida rasm chizish shartlari bo‘yicha o‘z mahoratlarini ko‘rsatishdi.
- Bu kabi tadbirlar o‘quvchilarimizning Vatanga sadoqatli, yurtga mehrli bo‘lishiga xizmat qiladi, - deydi 38-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Dilnoza Qodirova. – Maktabimizdan 100 nafarga yaqin o‘quvchi tadbir tanlovida qatnashib, rag‘batlantirildi.
Shuningdek, klub a’zolari tumandagi 36-maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘lishdi. Bolajonlarning ona Vatan haqida aytgan she’rlari tadbirga fayz kiritdi hamda ishtirokchilar o‘rtasida yo‘l qoidasiga amal qilish bo‘yicha «Svetofor» tadbiri tashkil etildi.
Boboxon PO‘LATOV,
Asal ODILOVA.