Prezident g‘alabalari. Millatga qaytarilgan g‘oliblik, mardlik, jasurlik, daxldorlik tuyg‘ulari…  

 Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolariga” tabrigini o‘qib, g‘oyatda ta’sirlandim. Ayniqsa, samimiy qutlovning “Qadrli farzandlarim!” deb boshlanishi e’tiborimni o‘ziga tortdi.

 O‘sha kunlarda nafaqat vatandoshlarimiz, balki dunyo nigohi O‘zbekiston futbolchilariga qaratildi.

Mamlakatimiz rahbari haqli ravishda ta’kidlaganidek: “Aminman, bu tarixiy yutuq xalqimizni ezgu maqsadlar yo‘lida yanada birlashtiradi, ming-minglab yoshlarimiz uchun ilhom manbaiga, ibrat timsoliga aylanadi, Yangi O‘zbekistonning xalqaro obro‘-e’tiborini yanada oshirishga xizmat qiladi”.

Millat birlashsa, kuch, o‘zini anglasa, qudrat, tarixini bilsa, mag‘rur, Vatanini tanigan avlodlar paydo bo‘ladi.

Bu haqiqatni 17 yoshida Vatan sharafini himoya qilgan, Osiyoda tengsizligini namoyon etgan farzandlarimizning jasorati ham tasdiqlagan edi. Ular yuksak sovrin – Osiyo kubogini qo‘lga kiritganida qalbimiz faxr-iftixorga to‘ldi, boshimiz ko‘kka yetdi.

Bu Yangi O‘zbekiston me’mori – Shavkat Mirziyoyev tomonidan  e’zozlangan, tarbiyalangan nihollarning ilk totli mevasi edi. Bu avlodni qaytaradigan kuch, yo‘liga chiqadigan mard butun Osiyoda topilmadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 17 yoshli farzandlari Osiyoda tengsiz ekanliklarini namoyish qildi.

O‘sha kunlarda xayolimdan bir fikr o‘tdi: bunday jasoratga, matonatga faqat Vatanni taniganlar ega bo‘ladi.

17 yoshida Vatanni tanish baxtiga muyassar bo‘lgan bolalarga havasim keldi.

O‘zbekistonda bugun Vatan tuyg‘usini anglab yetgan avlodlar shakllanmoqda, tarbiyalanmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev har gal ularga "farzandim" deb murojaat qiladi.

Prezidentdan "farzandim" so‘zini eshitish eng katta baxt bo‘lsa kerak.

Millatni bir maqsad yo‘lida birlashtirish ulkan mashaqqat.

Prezidentimiz millatga aynan mana shu tuyg‘uni anglatdi. Bu g‘alabalar — Prezident g‘alabalari.

“Parij – 2024” Olimpiadasida O‘zbekiston erishgan yutuqlar o‘zining salmog‘i, mavqei bilan rekord darajaga yetgandi.

To‘g‘risini tan olish kerak, biz yillar davomida millat, mamlakat manfaati nima ekanligini anglamadik, bu tuyg‘ulardan ancha uzoqda edik. Uzoqlashtirilgandik.

Prezident xalq bilan birgalikda quvonsa, mo‘’jiza sodir bo‘larkan. Xalq o‘z ortida Prezident turganligini bilishi, anglashi juda yuksak tuyg‘u ekan. Bugun Prezident xalqimizga mana shu tuyg‘ularni bera oldi. Butun xalqni bir maqsad yo‘lida birlashtiroldi.

Mening fikrimcha, sportdagi barcha g‘alabalar zamirida mana shu haqiqat mujassamlashgan.

G‘alaba ustiga g‘alaba, yutuq ortidan yutuq...

Xalq g‘alaba nashidasi nima ekanligini anglab yetdi. Shaxsan Prezident bu g‘alabalarni keng nishonlayotgani, xalq bilan birga quvonayotgani sportchilarimiz kuchiga kuch qo‘shmoqda.

Olimpiadada ilk oltin medalni qo‘lga kiritgan Diyora Keldiyorovaning onasi Dilorom Sharipova shunday yozadi: “Qizim Diyora Keldiyorova "Parij – 2024" olimpiadasi oltin medalini qo‘lga kiritdi.

Diyorani g‘alaba bilan birinchi bo‘lib Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tabrikladi.

Yurt otasi, tungi vaqt bo‘lishiga qaramasdan, qizimning final uchrashuvini ko‘rib, muborakbod etdi.

Prezidentimiz Diyora bilan farzandim, qizim deb gaplashganida, ota-onangni meni nomimdan tabrikla deganida ko‘zimga yosh keldi.

Ona uchun bundan ortiq baxt bormi?

Qizimning yutug‘idan bir quvongan bo‘lsam, Prezidentimiz g‘amxo‘rligidan ming quvondim. Boshim osmonga yetdi.

Prezidentim bilan faxrlanaman...”.

Sport g‘alabalari xalqning ruhini ko‘taradi. Xalqda kurashuvchanlik, milliy g‘urur, yovqurlik, jasorat, matonat tuyg‘ularini uyg‘otadi. Hech bir soha millatni, mamlakatni sportchalik tez tanitmaydi.

2016 yildan boshlab sport sohasida O‘zbekiston erishgan yutuqlar barchani, hatto xalqaro ekspertlarni ham hayratga solmoqda.

Prezidentning sportga qiziqishi, sportchini qadrlashi, trener va ustoz - murabbiylarni ardoqlashi, rag‘batlantirishi juda katta yutuqlarga sabab bo‘ldi.

Millatda g‘oliblik tuyg‘usi paydo bo‘ldi. Mana shu maqsad barchani o‘z atrofida jamladi.

Bugun O‘zbekiston sport sohasida nafaqat Markaziy Osiyo yoki butun Osiyoda, balki jahonda o‘z so‘zini aytyapti. Bunga tarixan juda qisqa — 9 yilda erishildi.

Prezidentdan namuna olgan xalq sportchilarni yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlamoqda, ularni «yurt qahramonlari» deb e’lon qilmoqda, boshiga ko‘tarmoqda, faxrlanmoqda.

Jahon arenalarida O‘zbekiston nomi yangramoqda. O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilmoqda. O‘zbekiston madhiyasi taralmoqda. Bu jahon sportiga shu paytgacha ma’lum bo‘lmagan yangi ruh, yangi kuch, toza qon, Yangi O‘zbekiston kirib kelganligini ko‘rsatadi, anglatadi.

Yaqinda qirg‘izistonlik deputatning so‘zlarini eshitib qoldim: “O‘zbekistonda keyingi 10 yilda shunchalik ko‘p sport inshootlari qurildiki, bugun O‘zbekiston juda ko‘plab xalqaro sport musobaqalariga mezbonlik qilmoqda. O‘zbekistonlik sportchilar jahon arenalarida birinchilikni qo‘ldan bermasdan, hisobsiz medallarni qo‘lga kiritmoqdalar…”.

Bu e’tirof zamirida Prezidentimizning mashaqqatli mehnatlari, e’tibor va g‘amxo‘rliklari bor.

2026 yilda AQSh, Meksika va Kanada davlatlarida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi butun Markaziy Osiyo mintaqasining birinchi va yagona vakili bo‘lishdek yuksak sharafga muyassar bo‘ldi.

O‘zbekiston futboli o‘zining bir asrdan ortiq tarixi davomida bunday martabaga birinchi marta erishdi.

Xalqimiz quvonchining chegarasi yo‘q. Bu biz kutgan g‘alaba edi. Bu bizga o‘zini kuttirgan g‘alaba edi. Bu bizni sog‘intirgan g‘alaba edi. Biz bu g‘alabaga Prezidentimizning ishonchi, e’tibori, mehri tufayli erishdik.

Umummaqsad nima? Umumqudrat-chi, umumshodlik, umumbaxt-chi?

Millat dastlab mustabid tuzum davri va mustaqillikning chorak asrida birgalikda kurashishdan, hamfikr bo‘lishdan mahrum qilingan edi. Hatto birgalikda quvonish nima ekanligini ham unutib qo‘ygandik.

Naqadar baxtsizdir, naqadar go‘ldir

yagona qo‘shig‘i bo‘lmagan xalqlar...

O‘zbekning buyuk shoirlaridan biri Shavkat Rahmonning ushbu satrlarida olam-olam ma’no mujassamlashgan.

Nafaqat yagona qo‘shig‘i, balki yagona maqsadi bo‘lmagan xalq ham g‘olib bo‘lolmaydi. Kurashlarda yengolmaydi. Umumquvonch tuyg‘usidan bebahra o‘tadi.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi erishgan yutuqning salmog‘i baland. Endi milliardlab futbol ishqibozlari nigohida O‘zbekiston namoyon bo‘ladi, gavdalanadi. O‘zbekning shon-shuhrati yanada yuksaladi.

Olg‘a, O‘zbekiston!

Rustam Xolmurodov,

Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi.