SamDU akademik litsey bitiruvchilarining 1 nafari oltin, 2 nafari kumush medal, 16 nafar o‘quvchi a’lo darajadagi diplom bilan taqdirlandi

Bugun SamDU akademik litseyi bitiruvchi o‘quvchilarining diplom topshirish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
- 2024-2025 o‘quv yilida akademik litseyni 202 nafar o‘quvchi bitiryapti, - dedi akademik litsey direktori Azamat Umarov. – Bitiruvchilarning 83,2 foizi milliy va xalqaro darajadagi xorijiy til hamda umumta’lim fanlaridan sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, joriy yilda akademik litsey o‘quvchilari milliy va xalqaro darajadagi xorijiy til hamda umumta’lim fanlaridan jami 306 ta sertifikatga ega bo‘ldi. Uch nafar talaba – Marjona Rayimqulova, Marjona Qahhorova, Sevinch Sheraliyevalar uchta fandan sertifikatni qo‘lga kiritdi.
Akademik litseyda o‘quvchilarga uch yo‘nalishda ta’lim-tarbiya berib kelinmoqda. Jumladan, fizika-matematika, kimyo-biologiya, ingliz va nemis tillari chuqurlashtirilgan maxsus dastur asosida o‘qitilmoqda.
Joriy yilgi bitiruvchilardan 1 nafari oltin, 2 nafari kumush medal sohibi bo‘ldi. 16 nafar o‘quvchi a’lo darajadagi diplom bilan taqdirlandi. Tadbirda ushbu o‘quvchilarga diplom, sovg‘a, ularning ota-onalariga tashakkurnomalar berildi.
- Men bu yil akademik litseyni oltin medal bilan bitirdim, - dedi Aqsaule Asanova. – O‘qishim davomida ingliz va rus tillaridan sertifikatlar olishga erishdim. Bolaligimdan tarjimonlik kasbiga qiziqaman, shuning uchun Samarqand davlat chet tillar institutiga o‘qishga kirishni rejalashtiryapman.