Dunyodagi O‘zbekiston yoxud O‘zbekistondagi dunyo bahonasida Markaziy Osiyo hamkorligiga bir nazar

Ba’zan dunyo xaritasida yonma-yon, baqamti yashayotgan davlatlarning o‘zaro nizolari va urushlarini ko‘rib hayron bo‘laman: axir ular Xudoning inoyati bilan ko‘p asrlar davomida bir joyda yashab kelyapti, bir ariqdan suv ichib yashayapti. Ularning hech biri hech qachon o‘z yerini tashlab ketmaydi, demak, ular inoq bo‘lib yashashga majbur. Biroq, nima uchundir bu haqiqat ayrimlarga saboq bo‘lmayapti.
Davlatimiz rahbari o‘z faoliyatining dastlabki kunlaridanoq qo‘shnilar uchun darvozalarimizni ochishga intildi. O‘sha lahzalarda, ayniqsa, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iz Respublikasi bilan bojxona postlari ochilganida Markaziy Osiyo jonlanib qoldi. Qo‘shnilar ham xuddi bizdagilardek yo‘l tutdilar. Va borish-kelishlarimiz kundan-kunga mustahkamlanib bormoqda.
Biz tarixan Movarounnahr, Turkiston, Turon bo‘lib yashaganmiz. Dinimiz, urf-odatlarimiz, tog‘u adirlar, chashmayu daryolarimiz bir. Liboslarimizdagi ayrim belgilarni hisobga olmasak, bizni yuzimiz, yurish-turishimizdan ajratib bo‘lmaydi. Nadomatlar bo‘lsinki, keyingi yuz yillik ichida ana shu birligimizga putur yetdi. Markaziy Osiyoda Turkiston muxtoriyati o‘rniga yangi respublikalarning tashkil etilishi ularning mustaqilligidan ko‘ra, ojizligiga sabab bo‘ldi: har kim ko‘rpani o‘zi tomon tortishga intildi. Shu paytgacha ko‘rinmagan va bir-biriga o‘xshash urf-odatlar, mentalitetlar «milliylashib» qoldi.
Mayli, keling, tarixni qaytadan esga olib, voqealarni muhokama qilib o‘tirmaylik. Zero, bu haqda juda ko‘p aytilyapti, yozilyapti. Bu haqiqatni juda ko‘pchilik anglab yetdi, anglab yetmaganlarga esa tushuntirishning hojati yo‘q. Bugungi asosiy maqsadimiz – Yaratganning inoyati bilan bizlarga atalgan ana shu ona zaminda yashayotgan aholi o‘rtasida haqiqiy birodarlikni, haqiqiy hamkorlikni ta’minlashdir.
O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning oqilona siyosati tufayli Markaziy Osiyoda hamkorlikning yangi bosqichiga erishildi: qo‘shma korxonalar kundan-kun ko‘paymoqda, madaniy, ma’rifiy aloqalarning chek-chegarasi yo‘q. Bu hamkorlikka Turkiy davlatlar tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining mashvaratlari dalda bo‘lmoqda. Shu sababli qisqa muddat ichida aynan O‘zbekiston rahbarining tashabbusi bilan mintaqadagi juda ko‘p chegaraviy nizolarga barham berildi.
Bir so‘z bilan aytganda, Markaziy Osiyo birlashyapti, birgalikda jahon sahnasiga, xususan, jahon bozoriga intilmoqda. Yaqinda Toshkentda «Markaziy Osiyo – 2050: barqarorlik va umumiy farovonlik sari yo‘l» mavzusidagi birinchi mintaqaviy forumda mintaqa kelajagi muhokama qilindi. Ushbu tadbir hujjatlari bilan tanishar ekanman, anjuman qatnashchilarining fikrlari menda katta qiziqish uyg‘otdi. Xususan, tahlilchi Aziza Umarovaning «Mintaqa davlatlari alohida-alohida gapirsa biz qiziqish uyg‘otmaymiz. O‘zimizni nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo fuqarolari sifatida qabul qilishimiz uchun mintaqaviy o‘ziga xoslikni ishlab chiqish muhim. Biz buni amalga oshirish qanchalik real ekanligini baholashni davom ettiramiz», degan gaplari kaminani ham bu borada fikr bildirishga chorladi. Tabiiyki, gap Markaziy Osiyoning 2050 yilgacha bo‘lgan rivojlanish ssenariylari ustida bormoqda.
Albatta, ikki asr davomida alohida-alohida yashashga, o‘z manfaatini alohida himoya qilishga o‘rgangan o‘lkalar va xalqlar uchun ham hamkorlik oson kechmaydi. Va bu holat o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Biz Yevropa miqyosida Yevroittifoqning o‘sha mintaqadagi davlatlarga ijobiy ta’sirini, turli davlatlar xalqlarining hamkorlikka erishganligini ko‘rdik. Demak, bu tajribani o‘zimizda qo‘llasak ham bo‘ladi.
O‘zbekiston dunyoga chiqyapti, xalqaro munosabatlarda o‘z o‘rnini topyapti. O‘z o‘rnida dunyo ham O‘zbekistonga intilyapti. Negaki, u hamma bilan manfaatli sheriklik, hamkorlik qilishga tayyor. Negaki, dunyoning global muammolari O‘zbekiston rahbarining bevosita tashabbusi va jonkuyarligi tufayli hal etilmoqda. Qizig‘i shundaki, bu muammolar yechimiga aynan O‘zbekistondagi forum va uchrashuvlarda yechim topilmoqda.
Nazarimda, “Biz Markaziy osiyolikmiz!” shiorini shu mintaqadagi fuqarolar ongiga singdirish, eng avvalo, fidoyi ziyolilarning vazifasidir. Binobarin, jadid bobolarimiz o‘z vaqtida aynan ana shunday sharafli ishni bajara olganlar. Faqat mustabid tizimgina ularning rejalarini yo‘qqa chiqargan.
Aytmoqchimanki, endilikda Markaziy Osiyo birlashgan televideniyesi, radiosi, gazetalarini tashkil etish mavridi keldi. Darvoqe, ustozim, Anvar Jo‘raboyev bosh muharrirlik qilgan “Markaziy Osiyo madaniyati” bosma nashri bizga tajriba bo‘la oladi. Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida muntazam sport musobaqalarini o‘tkazish ham xalqlarimizning bir-biriga bo‘lgan mehr-muhabbatini oshirishi tabiiy. Ko‘rib turibmizki, sayyohlik deyarli barcha qo‘shni davlatlarimiz bilan kundan-kunga rivojlanib bormoqda. Bu ishni ham yangi bosqichga olib chiqish zarur. Aslida bu jarayon juda qizg‘in ketyapti. Masalan, birgina Samarqandning o‘zida deyarli har hafta albatta qo‘shni respublikalardan biridan madaniy-ma’rifiy yo‘nalishda delegatsiyalar keladi. Biz samarqandlik adiblarning qozoq, qirg‘iz, tojik tiliga o‘girilgan yoki aksincha, u tillardan o‘zbek tiliga tarjima qilingan kitoblari taqdimotlarini o‘tkazyapmiz. Bunday tadbirlar, tabiiyki, qo‘shni davlatlarda ham o‘tkazilyapti. Sport bo‘yicha ochiq chempionatlarimizga qo‘shni respubliklardan vakillar kelishyapti. Ayniqsa, milliy bayramlarni birgalikda nishonlayapmiz.
Ziyolilar, tahlilchilar juda katta ilmiy xulosalarini davlat rahbarlari, o‘z hukumatlari oldiga qo‘ysalar, ishonch komilki, bu g‘oyalar katta siyosatning yo‘nalishiga aylanadi.
Biz qadimdan bir elmiz. Tilimiz turlicha bo‘lsa-da, bitta dilda gapirganmiz va bugungi kunda o‘zimizni tanishtirganda g‘urur bilan «men Markazi Osiyodanman!» deya olishimizni juda-juda istayman.
Farmon TOShEV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.