“Vatanparvarlik karvoni” yo‘lga chiqdi

Samarqand garnizonidagi harbiy qism qo‘mondonligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida aholiga, xususan, yoshlarga xushkayfiyat ulashish, yurtga bo‘lgan sadoqatini oshirishga qaratilgan tadbirlar tashkil etish maqsadida “Vatanparvarlik karvoni” yo‘lga chiqdi.
- Samarqand shahridan safarga otlangan harbiy xizmatchilardan iborat “karvon”ni yoshlar katta qiziqish bilan qarshi olmoqda, - deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi harbiy qismlardagi boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i, kapitan Husan G‘oziyev. - “Vatanparvarlik - mardlik, shijoat!” shiori ostidagi dastlabki tadbir Oqdaryo tumanidagi 28-maktabda o‘tkazildi.
Keyingi manzil Ishtixon tumani bo‘ldi. Tadbirlarda qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, jangovor chiqishlar, ayniqsa, harbiylarning yoshlar bilan samimiy muloqotlari o‘sib kelayotgan avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga, ularning harbiylik kasbiga bo‘lgan havas va qiziqishlarini orttirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur “Vatanparvarlik karvoni” o‘z yo‘lida viloyatning barcha shahar va tumanlari bo‘ylab davom etadi.
To‘lqin SIDDIQOV.