Vazir o‘rinbosari Kattaqo‘rg‘on shahridagi umumta’lim muassasalari bilan tanishmoqda

Joriy yilning 13 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Kattaqo‘rg‘on shahrida aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi tuzildi. Mazkur ishchi guruhi a’zosi, Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev Kattaqo‘rg‘on shahridagi umumta’lim maktablarida bo‘lib, shahardagi umumta’lim muassasalari faoliyatidagi muammolar, maktablar moddiy-texnika bazasidagi kamchiliklar bilan tanishdi.

Vazir o‘rinbosari viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov hamrohligida Kattaqo‘rg‘on shahar xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi umumta’lim maktablarida bo‘lib, ta’lim-tarbiya jarayonlari uchun yaratilgan sharoitlar, maktabning moddiy-texnika bazasining ahvoli, o‘qituvchilar salohiyati, malakali pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj, muassasalarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini o‘rgandi.

Bugungi kunda maktab direktorlarining masofadan ishni tashkil etishi, onlayn darslarda o‘quvchilarning faol ishtirokini ta’minlashda ota-onalar bilan hamkorlikning holati bilan tanishmoqda. Maktablardagi sanitar-gigiyenik talablarga rioya etilishi, bu boradagi kamchiliklar vazir o‘rinbosarining e’tibor markazida bo‘ldi.

Darhaqiqat, Kattaqo‘rg‘on shahridagi umumta’lim muassasalari faoliyatidagi muammo va kamchiliklar to‘liq o‘rganilib, maktablarni kompleks rivojlantirish, zamonaviy bilimlarni egallagan, yuksak qobiliyatli o‘quvchi-yoshlarni kamolga yetkazish, muassasalarda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, bosqichma-bosqich amalaga oshiriladi.

Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari D.Kenjayevning umumta’lim maktablaridagi o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.