Vazirlik bemorlar nega 14 kunlik reabilitatsiyaga kuzatilmayotganiga izoh berdi
SSV axborot xizmati xabarida aytilishicha, so‘nggi kunlarda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolagan tibbiyot xodimlari va davolanish kursini tugatgan bemorlar 14 kunlik reabilitatsiya kurslarisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri uylariga kuzatila boshlangani haqida ma’lumotlar tarqaldi.
To‘liq davolanishdan keyin, virus organizmdan batamom chiqib ketganidan so‘ng 14 kunlik reabilitatsiya amaliyoti faqat O‘zbekistonda ehtiyot chorasi sifatida qo‘llandi, xolos. Hatto dunyoning rivojlangan davlatlarida ham nafaqat bu amaliyot, balki koronavirusga chalinganlar ham faqat og‘ir holatlardagina shifoxonaga yotqiziladi, qolgan payt kerakli dori-darmonlar tavsiya qilinib, uyda davolanish buyuriladi.
O‘zbekistonda virusga chalingan har qanday bemor belgilangan muddatda jiddiy kuzatuv ostida to‘liq bepul davolanadi. Davolanish so‘ngida virus bo‘yicha tekshiruvlar manfiy natija berganidan keyin ham bu namunalar poytaxtimizdagi SEOMning maxsus virusologiya laboratoriyalarida qayta tahlildan o‘tkaziladi va faqat shundan keyingina uzil-kesil tashxis qo‘yiladi.
O‘z navbatida, ushbu bemorlarni davolagan tibbiyot xodimlari ham ana shunday takroriy tekshiruv tahlillaridan o‘tishadi.
Endi reabilitatsiya amaliyoti to‘xtatilganiga kelsak, tajriba bu amaliyotga zarurat yo‘qligini ko‘rsatdi. Chunki reabilitatsiyaga virusdan batamom xalos bo‘lganlar jo‘natilardi va ular orasida kasallik qaytalanish holati ham kuzatilmadi. Shundan keyin bu tajribadan voz kechildi.