Vazirlik va idoralar vakillari aholi muammolarini o‘rganmoqda
Avval xabar qilganimizdek, Samarqandda respublika vazirlik va idoralari rahbarlaridan iborat ishchi guruhining ommaviy sayyor qabullari boshlandi.
Qabullarning dastlabkisi bugun Samarqand shahri, Samarqand, Past Darg‘om va Nurobod tumanlari aholisi uchun ko‘hna kentning Vatanparvar mahallasidagi “Vatanparvar” bog‘ida tashkil qilindi.
Unda ishchi guruhi a’zolari, sektorlar, hududiy boshqarma, tashkilot, muassasalar rahbarlari ishtirok etib, fuqarolarning sud-huquq, iqtisodiyot, ta’lim, tibbiyot, kommunal soha, bank-moliya yo‘nalishlaridagi murojaatlarini ko‘rib chiqdi.
Xususan, Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Vahobjon Rajabov tizimga oid murojaatlarni imkon qadar shu yerning o‘zida hal etishga harakat qildi.
- Nabiram Samarqand shahridagi 65-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 9-sinf bitiruvchisi, - deydi Ibn Sino mahallasida yashovchi Muzaffara Tugalova. – Maktab direktori u o‘qishini kollejda davom ettirishini bildirmoqda. Vaholanki, nabiramning o‘zi ham, biz yaqinlari ham maktabda ta’lim olishini istaymiz. Muammo yuzasidan qayerga yoki kimga murojaat qilishni bilmay turgandik. Vazir o‘rinbosari qabuli tufayli masala o‘z yechimini topdi.
- Kun davomida viloyat hokimining o‘ziga 100 dan ortiq murojaat tushdi, - deydi viloyat hokimligi murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul xodimi Sodiqjon Toshnazarov. – Albatta, ularni o‘rganish, hal etish uchun zarur choralar belgilab olindi. Biroq ayrim muammolar borki, ular faqat respublika idoralari tomonidan ko‘rib chiqilib, hal etiladi. Hududlar kesimida o‘tkaziladigan bugungiday sayyor qabullar ana shunday masalalarni hal qilish imkonini beradi.
Sayyor qabulning dastlabki kunida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarning ayrimlari shu yerning o‘zida yechimini topdi. Ba’zilari yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi, aksariyat murojaat o‘rganish talab etganligi uchun alohida nazoratga olindi.
Davlat idoralari va tashkilotlari mutasaddilari ishtirokidagi sayyor qabul 21, 22, 23 iyun kunlari hududiy tarzda Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon va Jomboy tumanlarida o‘tkaziladi.