Venerada Quyosh g‘arbdan chiqib, sharqqa botadi

Venera - (arablarda Zuhro) Quyoshdan ikkinchi sayyora hisoblanadi. U Yerning eng yaqin qo‘shnisi, o‘lchami, tarkibi va og‘irlik kuchi hamda Quyoshdan uzoqligi Yernikiga o‘xshash bo‘lgan sayyora. Shu bois Venerani ko‘pincha Yerning egizak singlisi, deb ham atashadi. Lekin amalda Venera Yerdan keskin farq qiladi.

Venera ayollarning sevgi timsoli bo‘lib, qadimgi rimliklarning sevgi xudosi nomi bilan atalgan. Quyosh tizimidagi qolgan barcha sayyoralarga erkak jinsidagi xudolar nomi berilgan.

Nega Venerani sirli sayyora deyishadi?

Venera kosmosga uchishlar davri boshlangunicha eng sirli sayyora hisoblanib kelingan. Chunki u to‘g‘risida juda kam ma’lumotlar mavjud bo‘lgan. Bunga uning sirtining quyuq bulutlar bilan qoplanganligi sabab bo‘lgan. Bu bulutlar sulfat kislotadan iborat bo‘lganligi uchun Quyosh nuri sayyora sirtigacha yetib bormay, uning atmosferasidan qaytadi. Shuning uchun uning sirtini ko‘rib bo‘lmaydi va Venera yarqirab erta tongda sharq tomonda, kechqurun g‘arb tomonda ko‘rinib turadi. Uni Zuhro yulduzi, deb ataymiz.

Venera atmosferasi qanchalik o‘rganilgan?

Venera atmosferasi Yernikidan yuzlab marotaba zich va qalin (uning qalinligi 60 kilometrga yetadi) bo‘lib, asosan karbonat angidriddan (95 foiz) va 3,5 foizini azot tashkil etadi. Quyosh Venera sirtini Oy Yer sirtini oydin kechada yoritganidan kamroq yoritadi. Lekin shunga qaramasdan, Venera sirti shunchalik qizib ketadiki, undagi temperatura 500 gradusgacha ko‘tariladi. Bunga asosiy sabab atmosferadagi karbonat angidrid va suv bug‘lari tomonidan yuzaga keltirilgan parnik effekti hisoblanadi. Bu sayyorada havo bosimi 92 atmosferani tashkil etadi.

Nega Venera Merkuriyga nisbatan qaynoqroq hisoblanadi?

Venera Yer atmosferasiga nisbatan qalinroq atmosferaga ega bo‘lgan sayyoradir. Uning atmosferasi asosan karbonat angidriddan iborat. Bu parnik effektini yuzaga keltirib, sayyorada katta miqdordagi issiqlikni tutib turadi. Shuning uchun Merkuriy Quyoshga Veneraga qaraganda yaqinroq bo‘lishiga qaramasdan, Venera Merkuriyga nisbatan qaynoqroq hisoblanadi.

Nega Veneraning kuni yiliga nisbatan uzunroq bo‘ladi?

Venera orbitasi bo‘ylab tez harakatlanadi va Quyosh atrofida 225 Yer kunida bir marta to‘liq aylanib chiqadi. O‘z o‘qi atrofida esa juda sekin harakatlanadi va taxminan 243 kunda bir marta aylanib ulguradi. Shuning uchun Veneraning kunlari yiliga nisbatan uzunroq bo‘ladi.

Venera o‘z o‘qi atrofida qanday aylanadi?

Venera o‘z o‘qi atrofida juda sekin aylanadi. Ikkinchidan, barcha sayyoralar g‘arbdan sharqqa qarab aylansa, Venera qarama-qarshi yo‘nalishda o‘z o‘qi atrofida aylanadi. Natijada Venerada Quyosh g‘arbdan chiqib, sharqqa botadi. Balki Venerada juda katta qoya bo‘lsa kerakki, uni o‘z o‘qi atrofida teskari aylanishga majbur qiladi.

Venerada vulqonlar bormi?

Vulqonlar Yerdagiga nisbatan Venerada ko‘proq. Sayyora sathining qariyb 80 foizi yassi vulqonli tekisliklardan iborat.

Unda ikkita tog‘ tizmalarida faol bo‘lishi mumkin bo‘lgan vulqon mavjud. Shulardan bittasi Maksvel Montes chiqqisida sayyora sathidan 11 kilometr balandlikda joylashgan (Kavkazdagi Everest tog‘ining dengiz sathidan balandligi 8848 metrdir).

Venerani kosmik apparatlar bilan o‘rganish qachon boshlangan?

Venera kosmik apparatlar yordamida juda jadal o‘rganilgan. Birinchi bor SSSR tomonidan 1961 yili 12 fevralda «Venera-1» kosmik apparati Veneraga uchirilgan. Lekin bu missiya muvaffaqiyatsiz yakunlangan. «Venera-1»dan tortib «Venera-15»gacha, «Vega», «Mariner», «Magellan» va hokazo kosmik apparatlar va zondlar orqali Venera sirti atroflicha tadqiq qilingan.

SamDU professori Ortiq PARDAYeV tayyorladi.