Veterinariya va chorvachilik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Veterinariya va chorvachilik sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti faoliyati ko‘lamini kengaytirish, xalqaro nufuzini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni tizimli olib borish, innovatsion ta’lim va texnologiyalar transferini qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish, ta’lim va ishlab chiqarishni uzviy bog‘lash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining Samarqand veterinariya meditsinasi instituti negizida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetini (keyingi o‘rinlarda – Universitet) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari etib belgilansin:
veterinariya, chorvachilik, biotexnologiya, agrotexnologiya, agroiqtisodiyot tarmoqlari uchun oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash;
zamonaviy o‘quv va ilmiy-laboratoriya bazasini shakllantirish, uni ilg‘or texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda sohani rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni kengaytirish;
o‘quv jarayonini amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirish, xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va innovatsion o‘quv-uslubiy materiallarni keng joriy etish, veterinariya klinikasi, o‘quv va ilmiy laboratoriya, o‘quv-tajriba xo‘jaligi, ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalarida nazariy bilim hamda amaliyotning uyg‘unligini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratish;
ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha uzluksiz ta’lim tizimini yaratish;
yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, Universitet professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirish, bitiruvchilarning respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalarida (ilmiy markazlarda) magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olishlarini tashkil etish;
o‘quv jarayonini talabalarda mustaqil ta’lim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirish;
sohadagi ilmiy-tadqiqot institutlarining yetakchi olimlarini Universitetda tahsil olayotgan iqtidorli talabalarga biriktirgan holda, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash;
Universitetning yuqori bosqich talabalari hamda ilmiy izlanuvchilarining ilmiy-tadqiqot institutlari laboratoriyalarida faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratish;
tasarrufidagi ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.
3. Samarqand veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Boshqaruv kengashi (keyingi o‘rinlarda – Boshqaruv kengashi) tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Boshqaruv kengashiga (B. Norqobilov):
a) quyidagi vazifalar yuklatilsin:
Universitetning moliyaviy yil uchun mo‘ljallangan biznes-rejasi, uzoq va o‘rta muddatli strategik rivojlantirish dasturi, daromad va xarajatlar parametrlarini tasdiqlash hamda ularning ijrosini nazorat qilish;
Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari va tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ilmiy maktablarni rivojlantirish;
veterinariya va chorvachilik yo‘nalishida ta’lim, tadqiqot va ilmiy ishlanmalar transferi jarayonlarini rivojlantirish hamda ilmiy- tadqiqot va innovatsion ishlanmalar bo‘yicha buyurtmachilar bilan manfaatli hamkorlik o‘rnatish;
ilmiy mahsulotlarni tijoratlashtirish, startaplar va akselerator faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
ta’lim va tadqiqot jarayonlariga investitsiyalarni jalb etish, yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan samarali aloqalarni o‘rnatish;
b) quyidagi vakolatlar berilsin:
Universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan shartnoma asosida malakali mutaxassislar jalb qilish;
Universitet huzurida faoliyatining asosiy yo‘nalishi ta’lim, ilm-fan va uning natijalarini joriy etish hamda tijoratlashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan, byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan tarkibiy tuzilmalar, tijorat va notijorat tashkilotlarni tashkil etish;
ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar uchun ta’lim davomiyligi muddatlarini belgilash;
ta’lim sifatini ichki nazorat qilish mexanizmlarini belgilash va joriy etish.
4. Belgilansinki:
Universitet veterinariya meditsinasi, veterinariya va sanitariya ekspertizasi, veterinariya diagnostikasi va laboratoriya ishlari, veterinariya farmatsevtikasi, zooinjeneriya, veterinariya biotexnologiyasi, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyasi yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlovchi tayanch davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;
Universitet Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tizimida faoliyat yuritadi;
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti talabalari Universitetda o‘qishini davom ettiradi va bitiruvchilarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi Universitet diplomi beriladi;
Universitetga talabalarni qabul qilish parametrlari har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi doirasida aniqlanadi;
Universitet Samarqand veterinariya meditsinasi institutining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi.
5. Veterinariya sohasida ta’lim jarayonlarining bevosita amaliyot bilan uyg‘unlikda tashkil etilishini, ilm-fan va texnologiyalar integratsiyasini ta’minlash maqsadida Universitet huzurida xo‘jalik hisobida faoliyat yurituvchi Veterinariya klinikasi va kasalliklar diagnostikasi texnoparki (keyingi o‘rinlarda – Texnopark) tashkil etilsin.
Universitet Texnopark tarkibida quyidagi tarkibiy bo‘linmalarni tashkil etishni nazarda tutsin:
Veterinariya laboratoriya-diagnostika va profilaktika-davolash klinikasi;
Sun’iy urug‘lantirish va naslchilik-seleksiya markazi;
chorvachilik xo‘jaliklari va aholi xonadonida parvarishlanayotgan hayvonlar uchun ozuqa yetishtirish, jamg‘arish va tayyorlash bo‘yicha ularga amaliy yordam ko‘rsatadigan maslahat markazi.
Texnoparkka veterinariya laboratoriya-diagnostika ishlarini olib borish hamda veterinariya preparatlarini, shu jumladan, veterinariya maqsadlari uchun dorivor vositalar, ozuqa qo‘shimchalari, biologik preparatlar va zoogigiyena vositalarini realizatsiya qilish faoliyatini amalga oshirish huquqi berilsin.
6. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Veterinariya
va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
Universitetga sohada 5 yillik stajga ega bo‘lgan xodimlar tavsiyanoma asosida o‘qishga tavsiya etilganda, to‘lov-kontrakt miqdorini kunduzgi ta’lim yo‘nalishidagi to‘lov-kontrakt (stipendiyasiz) miqdoriga tenglashtirish;
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislar instituti” Milliy tadqiqot universiteti qoshidagi Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar institutida 2022/2023 o‘quv yilidan bakalavriatning kunduzgi va sirtqi ta’lim shakllari bo‘yicha
“Chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyasi” ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Qamashi xizmat ko‘rsatish texnikumi negizida Universitetning Qamashi veterinariya meditsinasi texnikumini tashkil etish. Bunda, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq mazkur texnikumning mavjud bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash loyihalarini 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritsin.
7. Samarqand viloyati, Toyloq tumanidagi Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutining foydalanmay kelinayotgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 2-ilovaga muvofiq jami 27,4 gektar, shundan 16,8 gektar sug‘oriladigan yer uchastkalarining yer fondi toifasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirligining xulosasiga muvofiq qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkazilsin.
Samarqand viloyati hokimligi ushbu bandga muvofiq yer fondi toifasi o‘zgartirilgan yer uchastkasi belgilangan tartibda zaxiraga olinishini, davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini hamda elektron onlayn-auksionga chiqarilishini ta’minlasin.
Mazkur bandga muvofiq zaxiraga olingan yer uchastkalarini sotishdan tushgan mablag‘lar (Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan xarajatlar chegirib qolingan holda), istisno tariqasida, Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasining maxsus hisob-raqamiga yo‘naltirilsin.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi yer uchastkasini sotishdan Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasiga tushgan mablag‘larni Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti hududida veterinariya laboratoriyasi, veterinariya klinikasi va diagnostik markazi, vivariy, yosh olimlar uchun yotoqxona hamda ishlab chiqarish sexini qurish va jihozlash uchun maqsadli yo‘naltirsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab veterinariya va biotexnologiya yo‘nalishlari bo‘yicha nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat, magistratura va doktorantura ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalari hisobidan har yili alohida kvota ajratilishini ta’minlasin.
Bunda, ta’lim dasturi yakuni bo‘yicha talabalarning kamida 3 yil davomida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va uning tizim tashkilotlarida ishlab berish sharti nazarda tutiladi.
9. Quyidagilar:
2022-2026 yillarda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetini hamda tizimda faoliyat yuritayotgan professional ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlarini kompleks rivojlantirish dasturi 3-ilovaga muvofiq;
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining xalqaro nufuzini oshirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar 4-ilovaga muvofiq;
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining mutaxassislik kafedralarini ilmiy-tadqiqot muassasalari, tarmoq korxona va tashkilotlarga biriktirish jadvali 5-ilovaga muvofiq;
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida tashkil etiladigan yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari ro‘yxati 6-ilovaga muvofiq;
2023-2026 yillarda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tizimida faoliyat yuritayotgan oliy va professional ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot institutlari ob’yektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlashning manzilli ro‘yxati 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. 2022 yil 1 maydan boshlab Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy xodimlari (katta va kichik ilmiy xodim) mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlar Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilsin.
11. Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Toshkent va Nukus filiallari tegishli ravishda Universitetning Toshkent va Nukus filiallari deb qayta nomlansin.
Samarqand veterinariya meditsinasi institutining akademik litseyi va Samarqand, Urgut, Nukus, Andijon veterinariya meditsinasi texnikumlari Universitet tarkibiga o‘tkazilsin.
12. Belgilansinki, Universitet faoliyati Davlat byudjeti mablag‘lari, Universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari, homiylik xayriyalari va grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
13. Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilsin va quyidagilar uning moliyaviy manbalari etib belgilansin:
Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasining ajratmalari;
Qorako‘lchilikni rivojlantirish jamg‘armasining ajratmalari;
xorijiy investorlar bilan investitsiya kelishuvlarida nazarda tutilgan ilmiy tadqiqotlar, kadrlar tayyorlash va loyihalarni amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag‘lar;
kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, veterinariya va chorvachilik hamda boshqa yo‘nalishlarda jalb etiladigan donor tashkilotlarning grant mablag‘lari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va foydalanish tartibi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
14. Belgilansinki, Universitet Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti, Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti, Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti bilan o‘zaro hamkorlikda:
magistrlarni professor va ilmiy xodimlarga biriktirgan holda, “fan–ta’lim–ishlab chiqarish” tamoyili asosida kadrlar tayyorlashning klaster tizimini, shuningdek, doktorantlarning bevosita ilmiy-tadqiqot institutlari laboratoriyalarida ilmiy ish olib borishini yo‘lga qo‘yadi;
mintaqada veterinariya, chorvachilik, biotexnologiya va agrotexnologiya sohalarida mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan fundamental, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan fundamental, ilmiy-amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib boradi hamda mahalliy va xalqaro grant mablag‘larini jalb etadi.
15. Boshqaruv kengashi (B.Norqobilov):
a) ikki oy muddatda:
Boshqaruv kengashi faoliyati to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin;
zamonaviy ta’lim yo‘nalishlarini inobatga olgan holda, Universitet kafedralarining ilmiy faoliyatini soha va tarmoqlar muammolarining yechimiga yo‘naltirish maqsadida ularni qaytadan tashkil etsin;
Universitet rahbariyati, kafedralari va tarkibiy bo‘linmalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini hamda yuqori natijadorlikka erishganlarni rag‘batlantirib borish tizimini joriy qilsin;
b) o‘quv jarayoniga xorijiy professor-o‘qituvchilarni tanlov asosida jalb qilish va Universitet professor-o‘qituvchilarining xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida malakasini oshirish choralarini ko‘rsin;
v) 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab veterinariya va chorvachilik yo‘nalishlari bo‘yicha xorijiy davlatlarning nufuzli oliygohlari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari hamda keng ko‘lamli fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni tashkil etish choralarini ko‘rsin.
16. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYoYeV
Toshkent shahri,
2022 yil 31 mart