Vijdon erkinligi: qonunchilikda nimalar o‘zgardi?
O‘zbekistonda qadimdan turli millat va elat hamda konfessiya vakillari o‘zaro tinch-totuv yashab, diniy ibodat va rasm-rusumlarini emin-erkin bajarib kelgan. Ushbu yo‘nalishda olib borayotgan izchil siyosat xalqimiz va jahon hamjamiyati tomonidan haqli ravishda e’tirof etilmoqda. Yangi tahrirda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Qonun vijdon erkinligi me’yorlarini aniq ko‘rsatib, fuqarolarning xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmasligini ta’minlab, har qanday dinga zo‘ravonlik bilan kiritishni taqiqlaydi.
Dinning siyosatga aralashishi hamda dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi qonunda aniq ko‘rsatildi.
Qonun avvalo, har bir insonning vijdon erkinligini ta’minlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga, huquqni qo‘llash amaliyotiga aniqliklar kiritishga alohida e’tibor qaratilgani bilan ham ahamiyatli.
Muhim yengilliklar joriy etilmoqda
Xususan, mahalliy diniy tashkilotlar, jumladan, masjidlar va boshqa konfessiyalarning ibodatxonalarini tashkil etish bo‘yicha tashabbuskor fuqarolar soni ikki barobar kamaytirilib, 50 nafardan kam bo‘lmagan etib belgilandi. Shuningdek, diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi va diniy ta’lim muassasalarini tuzish uchun ham 100 nafar tashabbuskor bo‘lishi haqidagi talab bekor qilindi.
Diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq xizmatlar to‘liq elektron shaklda, inson omilisiz amalga oshirilishi joriy etildi.
Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi adliya idoralariga taqdim etiladigan hujjatlar soni keskin qisqarib, ularni ko‘rib chiqishning muddati 3 oydan 1 oyga tushirildi. Bu bilan diniy tashkilot tuzish tashabbuskorlariga qulay, tez va sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi, ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etildi.
Diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish asoslari Qonun bilan belgilanib, unda ko‘rsatilmagan asoslarga ko‘ra rad etishga yo‘l qo‘yilmasligi ta’minlandi.
Shu bilan birga, diniy tashkilotning faoliyatini to‘xtatib qo‘yish va tugatish faqatgina sud orqali bo‘lishi, ro‘yxatdan o‘tkazadigan va boshqa davlat organlari bunga haqli emasligi, mansabdor shaxslarning muayyan diniy tashkilot qonuniy manfaatlarini buzuvchi xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilinganda diniy tashkilot davlat bojini to‘lashdan ozod etilishi kabi qo‘shimcha kafolatlar nazarda tutildi.
Diniy ta’limning professional maqomi rasman e’tirof etildi
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining dinga bo‘lgan munosabatidan qat’i nazar, dunyoviy ta’lim olish huquqi ta’minlanishi qayd etildi.
Jamiyatda diniy masalalar bilan bog‘liq ixtiloflar kelib chiqishi, aholining yot g‘oya va qarashlar ta’siriga tushishining oldini olish maqsadida diniy ta’lim muassasasidan tashqarida diniy ta’lim berish noqonuniy faoliyat sifatida belgilandi.
Amaldagi qonunchilik hujjatlarida “ibodat libosi” tushunchasining huquqiy ta’rifi mavjud emasligi sababli jamoat joylarida ibodat libosida yurishga taqiq qonundan chiqarib tashlandi. Davlat tashkilotlari va muassasalarida xodimlarning kiyinishiga oid talablar esa ularning ichki hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Qonunda diniy tashkilotni tuzish uchun talab etib kelingan mahalla fuqarolar yig‘inlari roziligini olish tartibi bekor qilinib, diniy tashkilot tuzish tashabbuskorlari ortiqcha xat-hujjatlarni yig‘ishdan xalos bo‘ldi.
Jamiyatda turli yot qarashlarni targ‘ib qilayotgan guruhlarning faoliyati, ular tomonidan tarqatilayotgan buzg‘unchi g‘oyalarning salbiy ta’siridan aholini himoya qilish maqsadida diniy mazmundagi materiallarni dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasini olgandan keyin tayyorlash, olib kirish va tarqatish qonunda belgilab qo‘yildi.
Davlat idoralari tomonidan qonun normalari noxolis talqin qilinishi va turlicha qo‘llanishining oldini olish maqsadida atama va tushunchalarga ta’riflar keltirildi, ular aniq va ravshan tarzda bayon etildi.
Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashiladi
Qonun bilan belgilab qo‘yilayotgan vijdon erkinligini ta’minlash sohasidagi asosiy ustuvorliklar konfessiyalar o‘rtasida tinchlik va totuvlikni ta’minlash, dunyoviy davlatchilik tamoyilini kafolatlash, shuningdek, aholi ongi va qalbiga yot g‘oyalarning singdirilishiga qarshi ma’rifat yo‘li bilan kurashishni nazarda tutadi.
O‘zbekistonda istiqomat qiladigan 130 dan ortiq millat va elat vakillari 16 konfessiyaga amal qiladi. Ularning o‘zaro tinch, totuv va hamkor faoliyat ko‘rsatishi Vatanimiz ravnaqi, yurtimiz tinchligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu bois, qonunda fuqarolarning huquqlarini ro‘yobga chiqarish va jamiyatda tinch-totuvlikni ta’minlashga, fuqarolarning munosib hayot kechirishiga shart-sharoit yaratishga davlatning kafil ekani qayd etildi.
Umuman, ushbu Qonun inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar bilan kafolatlangan, diniy sohada umume’tirof etilgan huquq va erkinliklar, yurtimizdagi hozirgi diniy vaziyatning o‘ziga xos xususiyatlari va bevosita O‘zbekistonda dinlararo munosabatlar shakllanishining tarixiy sharoitlarini o‘z ichiga olgani bilan ahamiyatli.
Mirzo Ixtiyorov,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.