Viloyat hokimi fermerlar bilan uchrashdi

Xabar berganimizdek, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Past Darg‘om tumanida 2025 yil hosili uchun ekilgan paxta maydonlarida agrotexnik tadbirlarining o‘tkazilishi, paxtakorlarni qiynayotgan muammolar yuzasidan fermerlar bilan uchrashdi.

-  Yer xalqimizning umummilliy boyligi agar kimda-kim yerdan samarali foydalanmasa, zamonaviy intensiv texnologiyalarni joriy qilmasa, suvni iqtisod qilmasdan xo‘jasizlarcha foydalansa, paxta va g‘allachilikda belgilangan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirmasa qanday qilib yuqori hosildorlikka erishish mumkin, - dedi A.Boboyev. - Yerga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirib, g‘alladan gektariga 100 sentner, paxtadan 50 sentner hosildorlikka erishish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishimiz shart. Lekin ming afsuski, tumandagi fermer xo‘jaliklarining g‘o‘za maydonlarida olib borilayotgan agrotexnik tadbirlar ahvoli o‘rganilganda achinarli ekanligini ko‘rsatdi.

Tumanda 2025 yil hosili uchun 13 095 gektar maydonga chigit ekish belgilangan. Chigit ekilgan maydonlarda g‘o‘zaning unib chiqishi hamda qator orasiga birinchi ishlov berish ishlari qoniqarsiz ahvolda ekanligi qayd etildi. Ekilgan maydonlarnig ayrim joylarida chigit unib chiqmagan, birinchi kultivatsiya o‘tkazilmagan va g‘o‘zani bargidan oziqlantirish ishlari qoniqarsiz tashkil etilgan. Ushbu holatlar va dalalarni o‘tdan tozalash ishlari sust olib borilayotganligi tanqid qilindi.

Bugundan boshlab g‘o‘za parvarishida “Favqulotda zarbdor 15 kunlik” belgilandi. Xorijdan keltirilgan ikki genli g‘o‘za navlari ekilgan maydonlarga olimlar tavsiyasiga asosan gerbitsidlarni qo‘llashni ta’minlanishi, g‘o‘za parvarishi bo‘yicha barcha zaruriy agrotexnik ishlarni o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Shuningdek, don qabul shoxobchalaridagi yopiq va ochiq sig‘imlarni, laboratoriya va tarozilarni, boshqa texnika va jihozlarni mavsumga to‘liq tayyorlash, g‘alla o‘rim-yig‘imini uyushqoqlik bilan o‘tkazish hamda qisqa muddatlarda o‘rib-yig‘ib olish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish, o‘rim otryadlarini shakllantirish vazifalari yuklatildi. Tijorat banklari rahbarlari va tovar xomashyo birjasi bilan birgalikda o‘zlashtirilmasdan turgan 7,7 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari o‘zlashtirilishini ta’minlash kerakligi qayd etildi.

Ajratilayotgan mablag‘larni yoqilg‘i-moylash materiallari va meniral o‘g‘itlarga hamda paxta ekilgan maydonlarga chopiqchilar uchun har gektariga 300 ming so‘mdan ish haqini har besh kunda to‘lab berish topshirildi.

- Tumanimizda 692 ta fermer xo‘jaligi bo‘lsa, shundan 300 ga yaqini paxta-g‘allachilik yo‘nalishida faoliyat yuritadi, - deydi tuman hokimligi bosh mutaxassisi Rustam Eshqobilov. – Uchrashuvda fermer xo‘jaliklar bilan birga tuman, viloyat tashkilotlari rahbarlari ham ishtirok etib, sohada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar sanab o‘tildi. Fermerlar tomonidan dalalarni sug‘orishdagi qiyinchiliklar, elektr energiyasidagi uzilish va narxlari, klaster korxonalarining qarzdorligi kabi 10 ga yaqin muammo bildirildi. Viloyat hokimi barcha taklif va muammolar yechimi bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berib, muddatlar belgilandi. 

Hozirda tuman hokimi va tegishli o‘rinbosarlar mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida muloqotda fermerlar tomonidan ilgari surilgan masalalar yuzasidan joylarda o‘rganishlar olib borib, muammolarga yechim topmoqda. 

O‘ktam Xudoyberdiyev.