Viloyat hokimi Jom qishlog‘idan so‘ng Kattaqo‘rg‘onda ommaviy qabul o‘tkazmoqda

Dastlab viloyat hokimi tomonidan Jom qishlog‘idagi nogiron xotin-kizlarning 12 nafariga Prezident tuhfalari – tikuv mashinalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.

– Bunday e’tibordan mamnunmiz, – deydi birinchi guruh nogironi Dilfuza Rahmatova. – Kelgusida tikuvchilik faoliyati orqali daromad olishni maqsad qilganman. Bizga ko‘mak bergan Prezidentimiz va viloyatimiz rahbarlaridan minnatdormiz.

Shuningdek, Jom qishlog‘idagi nogiron xotin-qizlarga dori-darmonlar berildi.

Ommaviy qabulda viloyatdagi mas’ul idora va tashkilotlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari va fuqarolar ishtirok etdi.

 Viloyatdagi barcha soha rahbarlari alohida xonalarga bo‘lingan holda aholini qabul qildi. Murojaatlarini tinglab, muammolarni asosan ijobiy hal etdi.

- Bizning qishlog‘imizda televizion antena yuk, - deydi Nurobod tumani Chunkaymish qishlog‘ida yashovchi Hislat Jabborov. - Ushbu masaladagi murojaatim hal etiladigan bo‘ldi. Viloyat hokimi topshirig‘i bilan tegishli tashkilotlar tomonidan bir oy muddatda qishlog‘imizga televizion antena o‘rnatiladigan bo‘ldi.

- Nogiron o‘g‘lim bor, - deydi Girdiqo‘rg‘on mahallasida yashovchi Oyimxol Qudratova. - Oxirgi vaqtda dori-darmon uchun moddiy tomondan kiynalib qoldik. Shuning uchun viloyat hokimidan yordam suradim. Murojaatim ijobiy hal etildi. Bizga ertaning o‘zida moddiy yordam beriladi.

Respublika miqyosida hal etiladigan masalalar yuzasidan Prezident devoni vakili X.Jumaniyozov qabul qildi.

- Mening umuman pasportim yo‘k edi, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomam yo‘qolib ketgan, - deydi Jom qishlog‘ida yashovchi 63 yoshli onaxon Mamlakat Saidova. - Bugun shu yoshga kirib birinchi marta fuqarolik pasportini qo‘limga ushlayapman, hayajondaman. Rahmat, bir umr pasportim bo‘lishini orzu qilgandim. Shu vaqtgacha biror joyga bu borada murojaat kilmaganim tufayli shu muammo yuzaga kelgan. Bu muammoni hal etib berganlaridan xursandman.

- Jom qishlog‘idagi 10 nafar keksa otaxon va onaxonlarga biometrik pasport topshirdik, - deydi Nurobod tumani IIBM va FRB boshlig‘i Abdurafiq Jabborov. - Jom qishlog‘ida 933 nafar fuqaro qabul qilinib, shu vaqtga qadar tayyor bulgan biometrik pasportlar egalariga topshirilmoqda. Yana 91 nafar keksa va nogironlar uylariga borib, biometrik pasport olishi uchun hujjatlari rasmiylashtirildi.

Tabir davomida viloyat yer tuzish va kuchmas mulk kadastri davlat korxonasi tomonidan Jom qishlog‘idagi 20 nafar xonadon sohibiga uy kadastr hujjatlari topshirildi.

Viloyat yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Nurobod tumani bo‘limi rahbari J.Jalilov ma’lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda Jom qishlog‘idagi 1817 ta xonadonning 848 tasining kadastr hujjatlari yig‘ma jildi tayyorlangan.


 

- Shu vaqtgacha uyimiz hujjati yo‘q edi, - deydi Nuriya Murodova. - Bu muammomiz hal bo‘lganidan xursandmiz.

Shuningdek, ommaviy qabul davomida ikki nafar nogiron fuqaroga viloyat hokimi nomidan maxsus aravacha topshirildi.

- Singlim yoshligidan birinchi guruh nogironi, - deydi Girdiqo‘rg‘on mahallasida yashovchi Sojida Abdurahmonovaning akasi Nodir Abdurahmonov. - O‘zim qaramog‘imga olganman. Davlat tomonidan doim yordam berib kelinadi. Bugun ham murojaatimiz ijobiy yechim topib, maxsus aravacha ajratilganidan bu g‘amxo‘rlikni yana bir bor his qildik.

Xuddi shunday ommaviy qabul Kattaqo‘rg‘on shahridagi A.Majidiy nomidagi o‘zbek davlat drama teatri binosida Narpay, Paxtachi va Kattaqo‘rg‘on tumani aholisi uchun o‘tkazilmoqda.

 

G‘olib ABDUSALOMOV.