Viloyat hokimi jomboylik yoshlar muammolarini tingladi

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Jomboy tumanidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tuman yoshlari bilan uchrashdi.

Tadbirda 200 nafarga yaqin yigit-qiz ishtirok etdi. Ularning aksariyati “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga olinganlardir.

- Hovlimizda 10 sotixdan ziyod tomorqa bor, - dedi Qo‘lbosti mahallasida yashovchi Anvar Yo‘ldoshev. – Bu yer maydonida mehnat qilib ro‘zg‘or tebratsa bo‘ladi. Qolaversa, qishloq, mahallamizda tomorqasini haydatadigan kishilar ko‘p. Shu orqali ishli bo‘lib, ro‘zg‘or yuritish mumkin. Buning uchun motokultivator sotib olishni o‘ylab yurardim, ammo mablag‘im yo‘q edi. Bugun viloyat hokimiga shu masalada murojaat qildim. Ikki kun ichida muammoga yechim topiladigan bo‘ldi. Bu uskuna bilan qo‘ni-qo‘shni va qishloqdoshlar tomorqasini haydab, daromad qilaman.

Uchrashuv davomida kredit olish, ishsizlik, uy-joy, yo‘llarni ta’mirlash va boshqa masalalarda 70 ta murojaat bo‘ldi. Ularning yechimi bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

***

Ayni paytda viloyat hokimi Payariq tumanining Polvonariq mahallasida joylashgan 69-umumiy o‘rta ta’lim maktabida yoshlar bilan uchrashmoqda.