Viloyat hokimi Payariqdagi Navbahor mahallasiga bordi
Samarqand viloyatidagi olis mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ayni paytda bu jarayon Payariq tumanining Navbahor mahallasida ham davom etmoqda.
Bugun viloyat hokimi E.Turdimov bu jarayonlar bilan tanishib, aholi bilan suhbatlashdi. Ularni qiynab kelayotgan muammo va kamchiliklarni eshitdi.
Mahallaning Beshkapa, Kindikli, Tuyoqli, Abdurahmon va Ko‘ktepa qishloqlarining uch kilometrdan ortiq tuproq ko‘chalariga shag‘al to‘shaldi. Elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlarning oldini olish va aholini barqaror elektr bilan ta’minlash maqsadida 141 dona beton ustun o‘rnatish boshlanmoqda. To‘rtta eski transformator yangisiga almashtirilmoqda.
Ko‘ktepa qishlog‘idagi suv inshootini ta’mirlash ishlariga kirishildi. Shu paytgacha aloqa va internet tarmog‘i muammo bo‘lgan navbahorliklar endi bu masalada qiynaylmaydi. Kindikli va Beshkapa qishloqlariga optik tolali tarmoq tortilib, aholi internetga ulanmoqda.
Uch kundan buyon 3800 dan ortiq mahalla aholisi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mobil guruhi tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.
Hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari jarayonida mahalla binosini ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.