Viloyat IIB boshlig‘i Kattaqo‘rg‘on tumanida sayyor qabul o‘tkazdi

Kattaqo‘rg‘on tumani Polvontepa mahallasidagi 35-umumta’lim maktabida 3-sektor rahbari viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shavkat Raxmonov tomonidan sayyor qabul o‘tkazildi. Qabul davomida 40 dan ziyod turli mazmundagi murojaatlar kelib tushdi. Bu haqda “Kattaqo‘rg‘on haqiqati” xabar bermoqda. 


Viloyat ichki ishlar boshqarmasi, tuman hokimligi mas’ullari, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, tuman prokurori, tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirok etgan sayyor qabulda tuman aholisining muammolari, ichki ishlar organlari bilan bog‘liq murojaatlari tinglandi.

Sayyor muloqotda fuqarolarning ijtimoiy muammolari, ichki ishlar organlariga ishga joylashish, ushbu yo‘nalishda ta’lim olish, surishtiruv va tergov harakatlari, pasport, fuqarolik va pensiya kabi masalalarga oid 40 dan ortiq murojaati o‘rganilib, aksariyati joyida hal etildi.

– O‘g‘lim Navro‘z Xolboyevda ichki ishlar sohasida ishlash ishtiyoqi baland, - deydi Yangihayot mahallasida istiqomat qiluvchi Abdirauf Rustamov.  – Shu boisdan mahallalarda yangi tuzilma sifatida ish boshlagan mahalla posboni - profilaktika inspektorining yordamchisi vazifasida ish olib bormoqda. Bugun ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga o‘g‘limni sohaga ishga qo‘yish bo‘yicha murojaat qildim. U kishi mas’ul xodimlarga topshiriq berib, kelgusida ko‘rib chiqishlikni ma’lum qildi.
Shuningdek, oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgan 9 nafar fuqarolarning uylarini ta’mirlash uchun tuman hokimligi tomonidan shifer ajratiladigan bo‘ldi. Ikki nafar nogironligi bo‘lgan fuqarolarga tuman hokimligining tashabbusi bilan homiy tashkilotlar tomonidan nogironlik aravachalari topshirildi.