Viloyat ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotining faol ishtirokchisi, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi Komiljon Toshev 60 yoshida vafot etdi

K.Toshev 1960 yilda Paxtachi tumanida tug‘ildi. Dastlabki ish faoliyatini viloyatdagi 15-qurilish trestiga qarashli 129-mexanizatsiyalashgan ko‘chma kolonnasida quruvchilikdan boshladi. Samarqand qishloq xo‘jalik institutining (hozirgi Samarqand veterinariya meditsinasi instituti) zootexnika fakultetida tahsil olgach, mutaxassisligi bo‘yicha Butunittifoq qorako‘lchilik ilmiy-tadqiqot institutida (hozirgi O‘zbekiston Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti) kichik ilmiy xodim, sektor mudiri bo‘lib ishladi. Uning keyingi mehnat faoliyati bevosita hokimlik tizimida mas’ul vazifalarni bajarish bilan kechdi.
Jumladan, viloyat hokimligi devonining agrosanoat masalalari bo‘yicha bo‘limi yetakchi mutaxassisi, viloyat hokimining agrosanoat majmui masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari kotibiyati bosh mutaxassisi, hokimlik tashkiliy ishlar va kadrlar masalalari bo‘yicha guruhi yetakchi mutaxassisi, bosh mutaxassisi, Samarqand shahar hokimligi tashkiliy ishlar va kadrlar masalalari bo‘yicha guruhi rahbari, tashkiliy-nazorat guruhi rahbari, viloyat hokimi yordamchisi kabi vazifalarda faoliyat ko‘rsatdi.
Komiljon Toshev, shuningdek, viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi, aholi punktlarini ko‘rkamlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyati bosh mutaxassisi, safarbarlik tayyorgarligi bo‘limi boshlig‘i, hududlarni kompleks rivojlantirish yig‘ma boshqarmasi qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i singari vazifalarda tashkilotchiligi va ishchanligi bilan ajralib turdi, o‘ziga topshirilgan vazifalarga mas’uliyat bilan yondashdi.
Zoomuhandis-qorako‘lshunos, iqtisodchi olim, kamtarin inson, Komiljon Toshevning xotirasi qalbimizda yashaydi.
Samarqand viloyati hokimligi.