Viloyat Kengashi sessiyasidan: Samarqandda mahallabay ishlashda iqtisodiy muammolar qanday hal qilinadi?

Mazkur tizim orqali xalq deputatlari viloyat, shahar va tumanlar kengashlari uchun har bir mahallaning rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot olish imkoniyati yaratiladi.

Har bir mahallada “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar turmush sharoiti, bandligi va boshqa ijtimoiy ahvoli yuzasidan choraklik hisobot berib boriladi.

Sessiyada shu masala ko‘rib chiqilib, “doimiy vakil”lar, “boshqaruv ofisi” rahbarlari va “Muvofiqlashtiruvchi guruh” tarkibi tasdiqlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1100 mahallaning har biriga tijorat banklarining 774 nafar xodimi “doimiy vakil” sifatida biriktirilgan. Mavjud 64 ta sektorda iqtisodiy kompleks tarkibidagi tashkilotlardan malakali rahbarlardan iborat “boshqaruv ofisi” tuzilgan.

Shahar va tumanlar hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlar boshchiligida iqtisodiy kompleks tashkilotlari rahbarlaridan iborat “Muvofiqlashtiruvchi guruh” shakllantirilgan.