Viloyat prokurorining qo‘shrabotlik yoshlar bilan uchrashuvi noodatiy bo‘ldi
Qo‘shrabot tumanida “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga olingan yoshlar 22,8 ming nafar bo‘lib, ularning 3695 nafari ishsiz, 26 nafari uy-joyga, 11 nafari ijtimoiy himoyaga, 8 nafari tibbiy, 12 nafari psixologik yordamga, 635 nafari iste’mol va ta’lim krediti olishga muhtoj.
Bu haqda shu tuman markazida Samarqand viloyati prokurori Ravshan Masharipovning yoshlar bilan uchrashuvida ta’kidlandi.
Bu galgi tadbirda prokuror qandaydir bir zalda o‘tirib emas, joylarga chiqqan holda qo‘shrabotlik yoshlar bilan suhbatlashdi.
Noan’anaviy tarzda tashkil etilgan tadbirda, asosan, “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga olingan yigit-qizlar qatnashdi. 376 ta bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi va 78 nafar yigit-qiz ishga joylashadigan bo‘ldi. 32 nafar yosh kasb-hunarga o‘qitish markazlariga yo‘naltirildi.
Tumandagi ishsiz yoshlardan 50 nafariga motokultivator, 45 nafariga 10 boshdan mayda shoxli chorva mollari tarqatildi. Shuningdek, xotin-qizlardan 5 nafariga tikuv mashinalari, 10 nafariga Xorazm viloyatiga sayohat qilish uchun bepul yo‘llanmalar berildi.
Tadbirda qo‘shrabotlik yoshlarni huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga ishga qabul qilish uchun saralash suhbatlari ham o‘tkazildi. Shuningdek, tuman harbiy texnikalar namoyishi, askarlarning jangovar chiqishlari, sport musobaqalari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
O‘qishda, mehnatda, tadbirkorlikda faol bo‘lgan yigit-qizlarga viloyat prokuraturasi tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbirda Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vaziri o‘rinbosari B.Parpiyev, viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov ishtirok etdi.
To‘lqin Siddiqov.