Prokurorlarning har hafta kamida bir marta yoshlar bilan uchrashishi belgilandi

Bu haqda xalq deputatlari viloyat Kengashi navbatdagi sessiyasida qaror qabul qilingan.

Sessiyada viloyat prokurorining “Viloyatdagi 2-sektorda “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand oilalarni bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha ishlarni tashkil etish yuzasidan 2021 yil IV choragi uchun mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.

Yo‘l xaritasida bir qator bandlar bo‘lib, jumladan, har bir tuman, shahar prokurori haftada kamida bir marta yoshlar bilan uchrashib, ularning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash belgilangan. Uchrashuvlarda yoshlarning muammolarini hal qilishga qaratilgan ishlarni yo‘lga qo‘yish majburiyati yuklangan.

Shuningdek, mazkur hujjatga ko‘ra, davlat foydasiga undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlaridan kelib tushgan mablag‘larning teng yarmi “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga sarflanishi belgilangan.