Prokuror o‘z hisobotida nimalarni qayd etdi?
Xalq deputatlari viloyat Kengashining 56-sessiyasida viloyat prokurorining 2021 yilning ikkinchi yarim yilligida qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti ko‘rib chiqildi.
Viloyat prokurori tizimdagi keng ko‘lamli faoliyatning sessiya kun tartibidagi masalaga daxldor jihati haqida tegishli ma’lumotlarni taqdim qildi.
Hisobotda qayd etilganidek, tizimda kamchilik va muammolar ham bor, ularni bartaraf qilish bo‘yicha aniq rejalar, chora-tadbirlar belgilab olingan.
Tizimdan 1 kishi ishdan bo‘shatilgan
Davlatimiz rahbari 2019 yil 20 iyun kuni Oliy Majlis Senatining yalpi yig‘ilishida prokuratura organlarini korrupsiyadan xoli, chinakam xalq prokuraturasiga aylantirish borasida topshiriq bergandi. Topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida, eng avvalo, tizimdagi vaziyatni o‘nglashga, jamoada ishchan va sog‘lom muhitni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar Konsepsiyasi ishlab chiqilib, muayyan ishlar amalga oshirilyapti. Shuningdek, tizimni nopok va nomunosib xodimlardan tozalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda korrupsiyaga moyil 1 nafar xodim tizimdan bo‘shatilgan. Xizmat vazifalarini uddalay olmagan 2 nafar rahbar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Jinoyatga qo‘l urgan 1 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Qonunlar ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishning mutlaqo yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi. Mavjud 40 ga yaqin nazorat organlari faoliyati ustidan tizimli va ta’sirchan nazorat o‘rnatish orqali qonuniylikni mustahkamlashga e’tibor qaratilgan.
Ijtimoiy himoya – muhim masala
Ijtimoiy sohada prokuror nazoratini ta’minlash barobarida fuqarolarga manzilli yordam ko‘rsatish ham muhim masala. Xususan, tegishli idoralar bilan hamkorlikda yordamga muhtoj 900 dan ziyod fuqaroning muammolari hal etilib, 157 nafar fuqaroning 300 million so‘mdan ortiq ish haqi, pensiya va nafaqa pullari undirib berilgan.
Bevosita prokuratura aralashuvi bilan 49 nafar shaxsga 321 million so‘m kechiktirilgan ish haqi, pensiya va nafaqalar undirib berildi, fuqarolar manfaatida sudlarga 334 million so‘mni undirish bo‘yicha 90 dan ortiq ariza kiritilgan.
Prokuror sektorida yashovchi 13 mingga yaqin muhtoj oilaga har tomonlama ko‘mak berilib, 17 mingga yaqin fuqaro ishga joylashtirilgan.
Xotin-qizlar va yoshlar huquqlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalari doimiy e’tiborda bo‘lmoqda. Jumladan, og‘ir vaziyatga tushib qolgan 148 nafar ayolga uy-joy ajratilishida, qariyb 19 mingdan ortig‘ining ishga joylashtirilishida amaliy yordam ko‘rsatilgan.
Yetim va ota-ona qarovisiz 300 dan ziyod voyaga yetmaganlar uchun javobgar shaxs yo‘qligi aniqlanib, ularga vasiy va homiylar tayinlanishi ta’minlangan.
G‘ayriijtimoiy xatti-harakat sodir etgan 700 nafardan ortiq, maktabga sababsiz bormayotgan 600 dan ziyod bola aniqlanib, majburiyatlarini bajarmayotgan 700 ga yaqin ota-onaning javobgarligi hal etilgan.
Qariyb 80 million so‘m kompensatsiya undirilgan
Iqtisodiy sohadagi nazorat ishlarida asosiy e’tibor tadbirkorlikni rivojlantirish, eksportni kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda yuzaga kelgan muammolarni hal qilish masalalariga qaratilgan.
Xususan, 818 nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklanib, 2100 dan ziyod tadbirkorga, jumladan, 100 dan ortiq eksportyorga muammolarini hal qilishda ko‘maklashilgan.
Prokurorlar yordami bilan qariyb 1239 ta yangi tadbirkorlik sub’yekti tashkil etilib, faoliyati to‘xtab qolgan 500 ga yaqin korxona tiklangan. Natijada 3647 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Sud ijro hujjatlariga binoan ko‘rilgan choralar natijasida tadbirkorlar foydasiga 79 milliard so‘mlik kompensatsiya pullari undirib berilgan. Biroq ijro hujjatlari bo‘yicha 20 milliard so‘m mablag‘ to‘lanmasdan qolmoqda.
Hisobot davrida 8 ta yirik jinoiy sxema Bosh prokuratura qoshidagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tezkor faoliyati natijasida fosh etilib, yurt manfaatlariga yetkazilgan 78,1 milliard so‘mlik zarar aniqlangan.