Viloyat sudi faxriylari “Sud faxriysi” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘ldi

Prezidentimizning 2020 yil 7 dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga binoan odil sudlovni amalga oshirishda uzoq yillar samarali mehnat qilib, pensiyaga chiqqan sudyalar uchun “Sud faxriysi” ko‘krak nishoni joriy etildi.

Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining 2021 yil 27 avgustdagi qaroriga muvofiq, Samarqand viloyat sudi faxriylari Tal’at Bobomurodov va Ibrohim Achilov “Sud faxriysi” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lishdi.

Shu munosabat bilan viloyat sudida tadbir tashkil etilib, ko‘krak nishonlari o‘z sohiblariga tantanali ravishda topshirildi.

Viloyat sudi raisining o‘rinbosarlari Sh.Mamadiyarov va Z.Allabayev so‘zga chiqib, ustozlarni yuksak e’tirof bilan tabrikladilar. Ularning sharafli mehnat faoliyati haqida so‘z yuritib, bugungi kunda ham shogirdlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib katta ko‘mak berishayotganlarini ta’kidlashdi.

-  Bugungi shart-sharoitlarni ko‘rib havasimiz kelayapti, - dedi sud faxriysi Ibrohim Achilov. – 1980 yilda Zomin tumani sudiga rais bo‘lib borganimda, sudda bitta eski yozuv mashinkasi bor ekan. Uning ham bitta harfi sinib qolgan edi. Yangi mashinka so‘rab kirmagan eshigim qolmagan. Moskvadan ruxsat olish kerak ekan. Keyin shu mashinkani ta’mirlab ishlatganmiz. Bugungi bu shart-sharoitlarni, sudyalarga bo‘lgan e’tiborni qadriga yetib, har qancha fidokorlik bilan, sadoqat bilan ishlasangizlar arziydi. Biz keksalarga berilgan e’tibor uchun Prezidentimizga, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashiga hamda viloyat sudi rahbariyatiga cheksiz minnatdorchilik bildiramiz.

Tadbirda viloyat sudi sudyalari ham so‘zga chiqib faxriylarni qutladilar. Bugun yurtimizda mazkur sohada ro‘yobga chiqarilayotgan o‘zgarishlarning mohiyati va ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar.