Viloyat sudlari raislari sayyor qabul o‘tkazdi

Samarqand viloyat sudi raisi O.Hayitov va viloyat ma’muriy sudi raisi B.Diyorov Samarqand shahridagi Bog‘isaroy mahalla fuqarolar yig‘inida fuqarolar bilan uchrashuv, davra suhbati va sayyor qabullar o‘tkazdi.
Uchrashuvda viloyat sudi raisi O.Hayitov mamlakatimizdagi bugungi siyosiy-ijtimoiy vaziyat, davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, sud-huquq tizimidagi so‘nggi yangilik va o‘zgarishlar haqida, shuningdek, mazkur sayyor qabulni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad haqida batafsil tushuncha berdi. Yig‘ilganlarni sayyor qabulda faol bo‘lishga chaqirdi.
Tadbir davomida 40 dan ortiq fuqaro o‘z muammolariga yechim istab murojaat qildi. Samarqand shahar Mehnat mahallasida yashovchi B.Mamatqulov, T.Husainzoda sodir qilgan qilmishi uchun qonuniy jazosini olib, ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotgan edi. Shu mahallada yashovchi Sh. Adizov esa axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan edi. Ular sayyor qabulda qilmishidan pushaymon bo‘lganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligi, sodir qilgan jinoiy qilmishi va uning huquqiy oqibatlaridan o‘ziga tegishli xulosa chiqarganligini bildirib, jazoning qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi. O.Hayitov murojaatchilarning har biri bilan alohida suhbatlashib, holatning sabablarini o‘rgandi.
B.Shodmonqulov esa ma’muriy huquqbuzarlik sodir qilganligi uchun muayyan muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan edi. U qilmishidan pushaymonligini, tegishli xulosa chiqarganligini, boshqa bunday xatoga yo‘l qilmasligi bildirdi. Avtomashina boshqarish orqali oila tebratishi, hozirgi kunda oilaviy sharoiti qiyinlashib qolganini, shu bois mazkur jazodan ozod qilishni so‘radi.
Turli korxona-tashkilotlarining 32 nafar hisobchilariga soliq hisobotlarini o‘z vaqtida topshirmagan yoki hisobot yuritishda xato-kamchilikka yo‘l qo‘yganligi holati yuzasidan soliq idoralari tomonidan ma’muriy bayonnomalar tuzilgan edi. Bu hisobchilar ham sayyor qabulga kelib, viloyat sudi raisiga murojaat qildi va xato-kamchiliklar qayta takrorlanmasligi, jarimalarni to‘lash og‘irlik qilayotganligini bayon qildi.
Sayyor qabul davomida sayyor sud tashkil etildi. Sudda har bir holat to‘liq o‘rganib chiqildi va murojaatlar qanoatlantirilib, jazodan ozod qilindiar.
Samarqand tumani Badal mahallasida yashovchi A.Nasriyev, Navbog‘chiyon mahallasi yashovchi A.Hasanov yuridik faktni belgilash yuzasidan viloyat ma’muriy sudi raisi B.Diyorov qabulida bo‘lishdi. Sayyor sudda ularning murojaati qanoatlantirilib, FXDYo organiga majburiyat yuklatildi.
Viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.