"Viloyat, tuman va shahar hokimlari tomonidan shakllantirilgan investitsiya loyihalari ularning salohiyati va imkoniyatlariga mos emas" — Prezident
So‘nggi ikki oyda sanoati past rivojlangan 60 ta tumanga konsalting kompaniyalari jalb qilinib, loyiha guruhlari bilan birga 6,5 milliard dollarlik 2 mingdan ziyod istiqbolli loyihalar ishlab chiqildi.
Misol uchun, Paxtachi tumanida o‘tgan olti oyda bor-yo‘g‘i 5 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilingan. Vaholanki, konsalting kompaniya ikki oyda 165 million dollarlik 40 dan ziyod loyihalarni tuman hokimiga taqdim qildi.
“Barcha hokimlar bir masalani eshitib olsin. Toki hokim har bir loyihani ichiga kirib, o‘zi investitsiya bilan shug‘ullanmasa, ahvol o‘zgarmaydi”, - dedi davlat rahbari.
Investitsiya, tashqi savdo va sanoat vazirligiga yil yakuniga qadar barcha tuman va shaharlarda hamda tarmoqlarda 30 milliard dollarlik yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.
Buning uchun barcha tuman va shaharlardagi loyiha guruhlari konsalting kompaniyalari bilan birga “izlanish – ishlab chiqish – amalga oshirish” tamoyili asosida yangi loyihalarni shakllantiradi. Bu maqsadlarga 15 million dollar yo‘naltiriladi.
Ishlab chiqilgan loyihalarni xorijiy investorlarga taqdimot qilish uchun yil yakuniga qadar har bir viloyatda hududiy investitsiya forumi o‘tkaziladi.