Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i maktab ta’miriga pul yig‘ilishiga qarshi emas. Faqat...
Maktabning asosiy vazifasi o‘quvchilarga sifatli ta’lim berish. Xo‘sh, ta’lim sifatini oshirishga nimalar to‘siq bo‘lmoqda? Har o‘quv yili yakunida maktab ta’miri masalasi va uning atrofida turli mish-mishlar tarqaladi. Bu yilgi ta’mirlash jarayoni qanday bo‘ladi?
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Shodiyeva bilan bo‘lgan suhbatimiz shu kabi maktab muammolariga bag‘ishlandi.
- Zebiniso opa, o‘quv yili yakunlanmoqda, viloyatda maktablar reytingi ko‘tarildimi?
Keyingi yillarda viloyatimizda maktablar reytingi tushib ketgani ayni haqiqat. Bu bizning og‘riqli nuqtamiz, albatta. Bugungi kunda respublika miqyosida viloyatimiz quyi o‘rinlarda turibdi. Buning o‘ziga yarasha ayrim sabablari ham bor. Masalan, viloyatimiz hududi katta, 1257 maktab, 56 mingdan ortiq o‘qituvchi bor. Hali imkoniyatlarimizning barchasini ishga solganimiz yo‘q. Biz ta’lim sifatini oshirish maqsadida yanvar oyidan boshlab barcha muammolarning yechimini topishga harakat qilyapmiz. Birinchi navbatda, maktablarda nomutaxassis pedagoglarni kamaytirish, oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar sonini oshirishga e’tibor qaratyapmiz.
Bu yil 8 ming o‘qituvchini navbatdan tashqari attestatsiya jarayonlariga jalb qildik. Chunki maktab reytingi oliy va birinchi toifali o‘qituvchilarning soniga qarab belgilanadi. Hali attestatsiya natijalari chiqmagan bo‘lsa-da, lekin umidimiz katta. Viloyatimizda 145 nafar metodistlarimiz bor, shu paytgacha ularning nima ish bilan bandligi hech kimni qiziqtirmagan. Biz ulardan ham foydalanyapmiz. Shuningdek, 606 nafar kadrlarga ehtiyojimiz bor. Ayniqsa, tumanlarda oliy ma’lumotli mutaxassislar yo‘qligi sabab, maktablarda nomutaxassis kadrlar dars beryapti. Ularning o‘rnini vakant joy sifatida ish.uzedu.uz saytiga joylashtirdik. Olis hududdagi maktablarga 25 nafar, ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarga 18 nafar pedagog boshqa viloyatlardan kelib ishlamoqda. Masalan, Nurobod tumaniga Buxoro viloyatidan er-xotin o‘qituvchilar kelib, maktabda dars beryapti. Endilikda biz faqat ta’lim sifatiga javob beramiz. Bu yilgi reyting ko‘rsatkichimiz o‘tgan yilgiga qaraganda yaxshi bo‘lishiga umidvormiz.
- Reyting ko‘rsatkichi past tumanlarda yil davomida qanday ishlar olib borildi?
- Reyting ko‘rsatkichi past bo‘lgan Urgut, Past Darg‘om tumanlariga viloyat hokimligi tashabbusi bilan oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari biriktirildi. Ushbu tumanlar misolida besh yo‘nalishda “Samarqand tajribasi” ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari maktab o‘qituvchilariga master-klass o‘tdi. O‘qituvchilarning dars o‘tish mahoratini oshirish bilan ta’lim sifatini ko‘tarishga ko‘maklashdi. O‘quvchilarni oliy ta’lim muassasalariga jalb etish maqsadida turli so‘rovnomalar o‘tkazdi, ota-onalar bilan davra suhbatlari tashkil etdi.
- Maktab reytingi bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichiga ham bog‘liq. Ayrim maktablarda yuqori sinf o‘quvchilari maktab ma’muriyati bilan kelishilgan holda darslarga qatnamasdan repetitorga boryapti. Sizningcha, bu to‘g‘ri yo‘lmi?
- Bizda bu yil 11-sinfni 50 647 nafar o‘quvchi bitiryapti. To‘g‘ri, o‘tgan yili Oliy ta’lim vazirligi maktablar reytingini o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasasiga kirish ko‘rsatkichiga qarab baholagan edi. Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, ayrimlar shunday yo‘l tutayotgan bo‘lishi mumkin. Bu yil maktablar reytingi 8 ta yo‘nalish bo‘yicha baholanadi. Birinchisi, bu o‘qituvchilarning sifat tarkibi, ya’ni oliy, birinchi toifali o‘qituvchilar soniga qaraladi. Ikkinchisi, maktab koeffitsenti hisobga olinadi. Masalan, bir hududda ikkita maktab bo‘lib, birinchisida o‘quvchilar 2 navbatda o‘qitiladi, ikkinchisida esa bola soni 1 navbatga ham yetmaydi. Nima uchun? Sababi, birinchi maktabda ta’lim jarayoni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan, ota-ona farzandini shu maktabga beradi. Shuningdek, endi chet tili o‘qituvchilarining IELTS sertifikatiga egaligi, maktabning moddiy-texnik bazasi mustahkamligiga ham baho beriladi.
- Ayni paytda fan olimpiadalarining respublika bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Viloyatimiz o‘quvchilarining natijalari sizni qoniqtiryaptimi?
- Besh yil davomida viloyatimiz o‘quvchilari respublika fan olimpiadalarida biron marta o‘rin ololmagan, hatto to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarni ham. O‘tgan yili pandemiya sababli fan olimpiadalari o‘tkazilmadi. Yaqinda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 57-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi Ozoda Xurramova tarix fanidan 89,5 ball bilan 2-o‘rinni egalladi. Bu kimlargadir kichik yutuqdir, ammo biz uchun bu ham natija. Bugungi kunda viloyatlarda fan olimpiadalarining respublika bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda. 29-30 may kunlari Samarqandda chet tili, ya’ni ingliz, nemis, fransuz, tojik tili fanlaridan respublika fan olimpiadasi bo‘lib o‘tdi.
- Yaqinda viloyatda pedagoglar attestatsiya test sinovlaridan o‘tdi. Bu yilgi natijalar haqida hamon ma’lumotga ega emasmiz...
- Shu jumladan biz ham. Xalq ta’limi boshqarmasi buyurtmachi hisoblanadi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi esa attestatsiya jarayonini olib boradigan va baholaydigan tashkilot. Bu yil kimga yoqdi yoki kimga yoqmadi, bir narsani tan olishimiz kerak, attestatsiya jarayoni shaffof o‘tkazildi. Har bir o‘qituvchining ism-familiyasi elektron bazaga kiritildi. O‘qituvchi o‘zi haqidagi ma’lumotni kompyuterga kiritganidan so‘ng savollar birin-ketin berildi va imtihon so‘nggida to‘plagan bali ma’lum qilindi. Bu jarayonda birov birovga yordam berishining imkoni yo‘q. Lekin hamon odamlar orasida attestatsiya jarayonlari pul bilan hal qilinadi, degan tushuncha bor.
- Nega mana shu natijalar hali ham e’lon qilinmayapti?
- Chunki, attestatsiya jarayonining ikkinchi bosqichi ham bor. Ikkinchi bosqichda o‘qituvchi 3 yillik mehnat faoliyati haqida hujjatlarini topshirishi kerak. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi o‘qituvchining faoliyatini ham olgan baliga qo‘shadi, so‘ngra natijasini e’lon qiladi. Ammo biz inson omili aralashmasin, degan maqsadda ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga mana shu ikkinchi bosqichni olib tashlashni taklif qildik. Test natijasining o‘zi o‘qituvchini baholash uchun yetarli. Bu yil o‘qituvchilar ham attestatsiya jarayoni adolatli tashkil etilayotganini tushunib yetdi.
Shuningdek, o‘qituvchiga beriladigan sertifikat ham elektron tarzda bazaga kiritiladi. Sertifikatning kodi yozilsa, kimga tegishli ekani chiqadi. Avvalgidek, bitta qog‘oz variantdagi sertifikat bilan bir nechta o‘qituvchi toifa olib, noqonuniy maosh olmaydi. Afsuski, ayrim joylarda shunday holatlar ham kuzatildi. Natijada noqonuniy to‘langan ish haqlari aniqlanib, xalq ta’limi sohasida “yeb ketibdi”, degan turli gaplar tarqaldi. Aslida attestatsiyadan o‘tolmagan ayrim o‘qituvchilar soxta sertifikat bilan maosh olib kelgani aniqlandi. Endi mana shunday soxta ishlar bo‘lmaydi.
- Hamon ayrim maktablarda “maktab fondi”, “sinf fondi” deya ota-onalardan pul yig‘ilayotganini eshitib qolyapmiz. Yoki bayramlarda o‘qituvchini tabriklash uchun ota-onalar pul yig‘ayotgan jarayonlarga guvoh bo‘lyapmiz. Maktabdagi pul yig‘imlarini uzil-kesil yo‘qotishning iloji bormi?
- Shuni ota-onalar tushunishi kerakki, endilikda ta’limga juda katta investitsiya ajratilyapti. Maktablarda bo‘rdan tortib, supurgigacha davlat smetasiga kiritilyapti. Besh yil oldin maktab direktori edim. Unda haqiqatdan ham bo‘r, supurgini maktab jamoasi olib berardi. Endi yil boshidan har bir maktab smetasiga ta’mir uchun pul ajratiladi. “Maktab fondi”, “sinf fondi” degan narsa yo‘q. Qayerda bunday holat kuzatilayotgan bo‘lsa, biz keskin chora ko‘ryapmiz. Ammo maktablardagi kuzatuv kengashi tomonidan homiylar topish yoki maktabda repetitorlik qilish orqali pul topish mumkin. Bu qonunda belgilangan.
Bayramlarda o‘qituvchiga pul yig‘ish holatiga kelsak, haqiqatda ham bu holat ayrim maktablarda kuzatiladi. Biz mingdan ortiq maktabni to‘liq nazorat qilolmaymiz. Ota-onalarning o‘zlari tashabbus bilan chiqmasa, sovg‘a-salom berish ham o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.
- Har o‘quv yili yakunida maktab ta’miri masalasi va uning atrofida turli mish-mishlar tarqaladi. Masalan, o‘tgan yili ham ayrim maktablar o‘quvchi va o‘qituvchilarning hisobidan ta’mirlangan. Bu yilgi ta’mirlash jarayoni qanday bo‘ladi?
- Oxirgi 25 yil ichida davlat byudjetidan maktabga bir tiyin pul ajratilmagan, moliya bir metr kub oyna olib bermasdi. Isitish, tom qismini qo‘yaturing. Kimlarga uchrashishingiz, yalinishingiz kerak edi. Shuning uchun ham bugun maktablarda haqiqatda ahvol og‘ir. O‘zimni bolam ham maktabga boradi, bugun maktab ta’miriga yordam berishga tayyorman. Faqat bunday yig‘imlar maktab jamoasi, o‘qituvchi tomonidan emas, balki kuzatuv kengashlari tomonidan tashkil etilishi kerak. Kuzatuv kengashlari smetada maktab ta’miriga qancha pul ajratilgani va yana qancha mablag‘ kerakligini hisoblab chiqib, shunga yarasha mahalla, keng jamoatchilik bilan kelishgan holda homiylar topsa, maqsadga muvofiq.
Shu o‘rinda yana bir narsani aytib o‘tishni xohlardim. Hozirgi kunda viloyatda jami 1257 ta maktab mavjud bo‘lib, ularni zamonaviy qiyofaga keltirish uchun 266 tasida yangidan qurish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlarini bajarish zarur. Ushbu maqsadlar uchun 1 trillion 482,0 milliard so‘m mablag‘ talab etiladi. Biroq, 2021 yil uchun qurilish-montaj ishlariga 174,112 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu o‘z navbatida jami ehtiyojning 11,7 foizini tashkil etadi. Ushbu dinamika asosida mablag‘lar ajratilgan taqdirda jami ehtiyojni o‘rtacha 9 yil davomida bartaraf etish mumkin. Mana shu muammolar bartaraf etilsa, ta’mir uchun yig‘di-yig‘dilar asta-sekin o‘z-o‘zidan barham topadi.
Xurshida ERNAZAROVA
suhbatlashdi.