Viloyatda 176 ta yangi arxeologiya madaniy meros ob’yekti aniqlangan: Ammo 130 ta ob’yekt yo‘qolib ketish xavfi ostida
Bu haqda Samarqand viloyati madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Botir Shaymanov matbuot anjumanida jurnalistlarga ma’lum qildi.
B.Shaymanovga ko‘ra, viloyatda 1607 ta moddiy-madaniy meros ob’yektlari ro‘yxatga olingan. Shundan 1011 ta respublika, 596 ta mahalliy ahamiyatdagi moddiy madaniy meros ob’yektlari bo‘lib, 221 ta shaxsiy mulkdagi turarjoy binolari hisoblanadi. Ularning 973 tasi arxeologiya, 564 tasi arxitektura ob’yektlari, 36 tasi monumental san’at asarlari, 34 tasi diqqatga sazovor joylardir. Madaniy meros ob’yektlarining 483 tasi Samarqand shahrida, 1124 tasi Kattaqo‘rg‘on shahri va tumanlarda joylashgan.
Viloyatdagi moddiy-madaniy meros ob’yektlarini aniqlash, hisobga olish, muhofaza qilish, targ‘ib qilish, davlat reyestri, elektron katalogi, pasporti va davlat kadastrini yuritish, qo‘riqlanadigan tegralarini belgilash hamda sohada doimiy ravishda davlat nazoratini amalga oshirish maqsadida qator ishlar qilingan.
Jumladan, ob’yektlarga 815 ta muhofaza belgilari, 244 ta yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatilgan. 1537 ta ob’yektlarga jamoatchi inspektorlar biriktirilib, davlat kadastr hujjatlari tayyorlangan. Turizm salohiyatiga ega moddiy madaniy meros ob’yektlarida 13 ta WI-FI va QR-kodlar, 50 ta audiogidlar o‘rnatilgan.
Shuningdek, 1607 ta ob’yekt qayta tarixiy-madaniy ekspertizadan o‘tkazish uchun madaniy meros agentligiga taqdim etilib, 789 ta ob’yektning pasporti shakllantirilgan. Bundan tashqari, 130 ta yo‘qolib ketish xavfi bo‘lgan arxeologiya madaniy meros ob’yektlari masalasi haqda ma’lumot madaniy meros agentligiga taqdim etilgan.
Viloyatda o‘tgan davr mobaynida 176 ta yangi arxeologiya madaniy meros ob’yektlari aniqlangan va hozirda ularda o‘rganish ishlari olib borilyapti. Shuningdek, viloyatdagi diqqatga sazovor maskanlarda mahalliy va xorijlik sayyohlarning ob’yektlarga kirishini elektron hisobga olish uchun zamonaviy turniketlar o‘rnatish ishlari davom etmoqda.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.