Viloyatda “Maroqand” voleybol klubi tashkil etiladi, sport turlari bo‘yicha bazalar biriktirilib, malakali trenerlar jalb qilinadi

Shu yil 22 fevral kuni saytimizda “Sport federatsiyalaridagi muammolar: Natijalar qoniqarsiz, homiylar biriktirilmagan, terma jamoaga sportchilar yetkazib berilmayapti” sarlavhali tanqidiy maqola e’lon qilingan edi. Holat bo‘yicha viloyat sport boshqarmasi munosabat bildirdi.

Unda, jumladan, shunday beyiladi:

“Bugungi kunda viloyatimizda 24 ta olimpiya, 4 ta milliy, 34 ta noolimpiya sport turi bo‘yicha sport federatsiyalari faoliyat yuritmoqda. 2024 yilda mazkur sport federatsiyalari tomonidan O‘zbekiston milliy terma jamoasi asosiy tarkibiga 949 nafar, zaxira tarkibiga 472 nafar sportchi yetkazib berilgan.

2024 yilda viloyat sportchilari tomonidan O‘zbekiston chempionati (kubogi)da 310 ta oltin, 386 ta kumush, 458 ta bronza, jahon, Osiyo va xalqaro sport musobaqalarida 114 ta oltin, 85 ta kumush, 92 ta bronza medal qo‘lga kiritildi. Albatta, ushbu natijalar ortida sport federatsiyalari vakillari, trener-murabbiylarning ham alohida hissasi borligini ta’kidlash lozim. 

Yaqinda Prezidentimiz raisligida 2028 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni kuchaytirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bu borada qator vazifalarni belgilab berildi.  Viloyatimizda ham mazkur sport turlari bo‘yicha federatsiyalar ishini yanada yaxshilash, bu borada ularga amaliy ko‘mak berish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

Maqolaga kelsak, voleybol federatsiya viloyat bo‘limi ijrochi direktori tomonidan berilgan ma’lumot va raqamlarda kamchiliklar mavjud. Xususan, voleybol sport bo‘yicha viloyatda 91 nafar emas, 77 nafar trener-o‘qituvchilar faoliyat yuritmoqda. Ularning qo‘l ostida 3606 nafar sportchi muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Maqolada bu ko‘rsatkich 2800 nafar deb yanglish ma’lumot berilgan. Keyingi yillarda O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibiga 3 nafar emas, 15 nafar sportchi kiritilgan. 

Prezident qaroriga ko‘ra, yaqinda viloyatda “Maroqand” professional voleybol sport klubi ham tashkil etiladi. Sport klubini moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida Sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabining 18x60 metr o‘lchamli zali biriktirildi. Sport klubiga 3 nafar malakali mutaxassis jalb etilmoqda. Shuningdek, ayni vaqtda Urgut, Toyloq, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on tumani va Kattaqo‘rg‘on shahridagi sport maktablari ham voleybol sportini rivojlantirishga yo‘naltirilgan asosiy federatsiya bazalari hisoblanadi. 

Toyloq tumanidagi sport maktabida regbi bo‘yicha murabbiy Zafar Berdiqulov boshchiligida mazkur sport turini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Yaqin vaqt davomida Paxtachi, Payariq tumanlaridagi sport maktablarida ham regbi to‘garaklari ish boshlaydi. Ushbu sport turini rivojlantirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. 

Shu bilan birga, badminot, basketbol, suzish, gandbol, penchak silat, erkin kurash, qilichbozlik, ot sporti, kikboksing, shotakan karate, o‘zbek jang san’ati kabi sport federatsiyalar faoliyatini yanada jonlantirish uchun viloyatimizda yetarli imkoniyatlar, asosiysi, maxsus sport inshootlari va sharoitlar mavjud. Sport federatsiyalari vakillari buni inobatga olgan holda hududlardagi sport-ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ish olib borsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.