Viloyatdagi suv havzalari xavfsizlikni taminlay olayaptimi?

Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekiston Respublikasi akvatoriyalarining plyaj zonalarida dam oluvchilarning xavfsizligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori e’lon qilinganiga roppa-rosa ikki yil bo‘ldi. Ushbu qaror ilovasida "Suvda baxtsiz hodisalar (odamlar o‘limi) tez-tez ro‘y berib turadigan joylarni aniqlash va mahalliy aholi va dam oluvchilar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borish sharti bilan qirg‘oq bo‘ylab cho‘milishni taqiqlovchi belgilar o‘rnatish", "Suvda ommaviy dam olishning belgilangan joylarida suvni kasallik keltirib chiqaruvchi mikroblar mavjudligi yuzasidan davriy nazorat tekshirishlarini tashkil etish", "Plyajlarda va suvda ommaviy dam olinadigan joylarda xavfsizlik choralari bo‘yicha ma’lumotlar beruvchi plakatlar o‘rnatish" kabi talablar belgilangan. Lekin belgilangan talablar aksariyat tumanlardagi suv havzalarida hali-hamon bajarilgan emas. Yana bir tomoni, bolalar cho‘miladigan joylar rasman hech qayerda qayd qilinmaydi ham. Misol uchun, Toyloq tumanidagi Qorasuv kanali yozda bolalarning eng sevimli joyi. Ammo xuddi shu kanalda yuqoridagi talablar u yoqda tursin, kezi kelganda qoramol cho‘miltirayotganlar ham, mashinasini yuvayotganlar ham topiladi.
Yuqoridagi hujjatda esa suv havzalarining tozaligi, qutqaruv uskunalari bilan jihozlanishiga oid talablar keltirilgan bo‘lib, cho‘milish va suv havzalarida dam olish joylari mahalliy hukumat tomonidan, shahar qurilishiga oid hujjatlarga ko‘ra belgilanadi. Dam olish joylari va plyajlar sanitariya talablariga javob beradigan, suv havzasining qirg‘oqdan uzoqligi 50 metrgacha va chuqurligi 3 metrgacha bo‘lgan tubi axlatdan, daraxtlar tomiri va o‘zga predmetlardan tozalangan bo‘lishi kerak. Rasman cho‘milish havzasi hisoblanmaydigan, amalda boshqa joyning o‘zi bo‘lmagani uchun bolalar gavjum suv havzalarida bu talablar haqida gapirish, afsuski, ortiqcha.
Farhod qo‘rg‘oni yaqinida ham bir nechta cho‘milish havzasi bor. Hartugul, ularda "ega" bor. Sababi cho‘milishga borayotganlardan ma’lum miqdorda pul olinadi. Ammo yuqoridagi talablarning yarmi ham bu yerda mavjud deb bo‘lmaydi.
Xullas, ayni vaqtda viloyatimizning har bir tuman, shahrida bir nechtadan cho‘milish havzalari zarur. Mavjud suv havzalaridan esa tegishli tartibda foydalanishni tezroq yo‘lga qo‘yish kerak.
Anvar MUSTAFOQULOV.