Viloyatning birinchi rahbari ham sudning faoliyatiga aralasholmaydi

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimovning Toyloq tumanidagi markaziy istirohat bog‘ida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulida sud qaroridan norozi bo‘lgan fuqaroga u sud faoliyatiga aralashishga haqi yo‘qligini bildirdi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, barcha sayyor qabullarda viloyatdagi ijro hokimiyati bilan birga huquq-tartibot organlari rahbarlari – prokuror, IIB, adliya boshqarmasi boshliqlari, sudlar raislari ham ishtirok etmoqda. Bu, birinchidan, barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning mas’uliyatini oshirmoqda. Negaki, hech bir murojaat tinglanmasdan qoldirilmayapti. Shu yo‘sinda ijro hokimiyati idoralariga vakolatiga kirmaydigan masalalar tegishliligi bo‘yicha sudlardan yoki prokuratura organlaridan o‘rganib chiqish so‘ralmoqda. Ha, aynan so‘ralmoqda.

Buni ayrim fuqarolar o‘z bilganicha talqin qilib, barcha masalani faqat E.Turdimovga bildirishga intilmoqda. Viloyat hokimining vaqtini o‘g‘irlayotgan, vakolatiga kirmaydigan masalada yordam so‘rayotgan murojaatchilarga aniq javob qaytarilyapti. Xususan, sudning qaroridan norozi bo‘lib kelgan fuqaroga aytilgan gap ko‘pgina «shikoyatchilar» uchun saboq bo‘ldi:

- Bir narsani hamma aniq bilib olishi kerak, - dedi viloyat hokimi. – O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga ko‘ra, sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biror bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Shunga ko‘ra, viloyat hokimi bo‘lishimga qaramasdan qonundan tashqari ish yuritolmayman. Sud qaroridan norozi bo‘lsangiz, yuqori turuvchi sud idoralariga murojaat qiling.

Qariyb barcha boshqarma va idoralarda «navbatchi» murojaatchilardan biriga endi uning arizalari ko‘rib chiqilmasligi bildirildi. Otasini boqishga qurbi yetmayotgan murojaatchi bu xato fikr ekanligini qulog‘iga «quyib» oldi.

- Bu qoida biror bir davlatda bo‘lmasa kerak. Hamma bilishi shart: bizda voyaga yetgan farzandlar keksa ota-onalariga g‘amxo‘rlik qilishga majbur.

Bu norma Konstitutsiya bilan mustahkamlab qo‘yilgan.

Sayyor qabul davomida mutasaddilarning sansalorligi tufayli yechilmay kelayotgan muammo, tuman miqyosida hal etishning imkoni bo‘lmagan masalalar bo‘yicha tegishli rahbarlarga aniq topshiriqlar berildi. Fuqarolarning ko‘plab murojaatlari shu yerning o‘zida hal etildi. Oilaviy sharoiti og‘ir, tadbirkorlik qilishga imkoni yo‘qligi to‘g‘risida hokimga «dardi hol» qilgan ayol vaziyat bunday tus olishini kutmagani aniq. Chunki, viloyat hokimi uni Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i Q.Sobirov bilan yuzlashtirib, shunday dedi:

- Bu kishiga bugun kechgacha tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun garov ta’minotisiz 8 foizli kredit ajratasiz. Shuningdek, uyini ta’mirlab olishi uchun iste’mol krediti bilan ta’minlaysiz.

Qabul so‘ngida hokim mutasaddilardan ro‘yxatga olingan mavjud 216 ta murojaatlar ijrosi bo‘yicha aniq topshiriq berdi:

«Bizga qo‘shimcha muddat kerak, murojaatchiga tushuntirildi, falon tashkilotga murojaat qilsin, degan gap-so‘zlar bo‘lmasligi kerak. Hafta yakuni bilan har bir murojaat ijrosi tahlil qilinadi».

O‘z muxbirimiz.