Vohid Abdulla: "Ey, tulpor, ona tilini yaxshi bilmay, chet tilidan mutaxassis bo‘lish qiyin"

Navoiyshunos olim, yetuk shoir, alloma Vohid Abdullayev 1912 yil 15 mayda Samarqand shahrida tavallud topgan.

“Samarqand sayli”, “Bedor qo‘shiqlar” she’riy to‘plamlari, “Yangilik yarashadi”, “Madadkor eshelon” kabi risola va hujjatli qissalar muallifi.

O‘ziga juda yaqin olgan talaba va shogirdlariga "Ey, tulpor... ", deb nasihat qiladigan akademik 1985 yilda vafot etgan.

Quyida allomaning betakror falsafiy fikrlari bilan tanishasiz.

***

Ey, tulpor, institutni bitirdingmi? Ingliz tilini chuqurroq o‘rganaver, lekin o‘zbek tili va adabiyotini ham bilaver. Ona tilini yaxshi bilmay, chet tilidan mutaxassis bo‘lish qiyin.

---

Ulug‘lik ham, umr boqiylik ham hamma kelib-ketganlarda bo‘lavermaydi. Qand ham oq, tuz ham oq. Ammo biri shirin, biri sho‘r. Odam ham shakl tuzilishi jihatidan bir-biriga monand. Ammo hammani ham inson deb bo‘lmaydi... Xalqning mehrini, e’tiborini qozona olgan, uning mehr-muhabbatiga sazovor bo‘lgan, nur taratuvchi, ilhom baxsh etuvchi, tortuv quvvatiga ega bo‘lgan mehri quyosh odamgina barkamol, haqiqiy odam hisoblanadi.

---

Filologiya fakultetida o‘qiyotgan, kelajakda adabiyot mutaxassisi bo‘lishni istagan har bir talaba 50 ming misra she’rni yoddan bilishi kerak.