Xalq deputatlari kengashining nufuzi oshmoqda

Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasi bunga yaqqol misol bo‘ldi.

Uni viloyat hokimi, Kengash raisi E.Turdimov olib bordi.

Sessiya ishida viloyatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid qator masalalar muhokama qilindi.

Hokim o‘rinbosari yana hisobot beradi

Sessiyada dastlab, viloyatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil etish, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari sun’iy o‘sishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Ushbu masala yuzasidan viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari F.Abilovning axboroti tinglandi.

Qayd etilishicha, viloyatimizda doimiy yashovchi 3 million 911 ming kishining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji hisob-kitob qilinib, yetishtirilgan ortiqcha mahsulotlarni qayta ishlab iste’mol bozoriga, shu jumladan eksportga chiqarish rejalashtirilgan. Bu borada 2021 yil hosili uchun noyabr-dekabr oylarida fermer, dehqon xo‘jaligi va aholi tomorqalarida to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarini o‘z vaqtida va sifatli ekilishi bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. Shuningdek, chorvachilikni rivojlantirish borasida ham kelgusi yil uchun istiqbolli loyihalar ishlab chiqilgan.

Biroq muhokamalar davomida hokim o‘rinbosari sessiyaga zarur darajada tayyorgarlik ko‘rmaganligi qayd etildi.

- Siz aniq ma’lumot bering, qachon qaysi mahsulotning narxi qancha bo‘ladi? - dedi xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi E.Turdimov.

Sessiyada 2021 yil aprel oyida ushbu masalada viloyat hokimi o‘rinbosari hisobotini yana eshitishga qaror qilindi.

Ichimlik va oqova suv tariflari o‘zgaradi(mi?)

“Samarqand suv ta’minoti" mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori K.Yusupovning “2021-2023 yillarga mo‘ljallangan ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimini kompleks rivojlantirish dasturi”ga kiritilayotgan loyihalar hamda ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari tariflari yuzasidan taqdimoti muhokama qilindi.

Unda qayd etilishicha, 2020 yilning birinchi yarim yilligida ichimlik suvi bo‘yicha 30 milliard 613 million so‘m daromad qilingan. Uning 28 milliard 689 million so‘mi xarajatlarga sarflanib, 1 milliard 924 million so‘m sof foyda olingan. Oqova xizmatlari bo‘yicha 7 milliard 69 million so‘m daromad olinib, 33 milliard 386 million so‘m xarajat hisoblangan. Oqibatda birinchi yarim yillik 26 milliard 317 million so‘m zarar (rentabellik darajasi  -500,3 foiz) bilan yakunlangan.

K.Yusupovning bildirishicha, amaldagi tariflar orqali olinayotgan daromadlar korxonaning kundalik majburiy to‘lovlari uchun ham yetmayapti. Amalda esa eskirgan tarmoqlar va inshootlarni yangilash, nasoslarni energiya tejovchilariga almashtirish kabi muhim vazifalar turibdi. Shu bois, korxona daromadini oshirish va xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida ta’riflar, ya’ni narxni o‘zgartish takliflari ishlab chiqilmoqda.

Takliflar tegishli tartibda navbatdagi sessiya muhokamasiga kiritiladi.

Maktablar ochilishiga ota-onalar nima deydi?

Viloyat halq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i S.Usmonov viloyatdagi maktablarda yangi o‘quv yiliga ko‘rilgan tayyorgarlik haqida axborot berdi. Shuningdek, 25-26 avgust kunlari barcha tuman, shaharlardagi umumta’lim maktablari o‘quvchilarining ota-onalari ishtirokida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga to‘xtaldi.

So‘rovnomada viloyat maktablarida ta’lim oladigan 732 ming 470 nafar o‘quvchining 674 ming 530 nafar (92 foiz) ota-onalari ishtirok etgan.

Maktablar o‘z faoliyatini an’anaviy shaklda sentyabr oyidan tiklashiga so‘rovnomada qatnashgan 466 ming 671 nafar (69 foiz) ota-ona ijobiy fikr bildirgan. Shuningdek, 207 ming 859 nafar (31 foiz) ota-ona o‘qishni boshlamaslik tarafdori bo‘lgan.

Atroflicha muhokamalardan so‘ng, sessiya ishida pandemiya sharoitida maktablarda o‘quv mashg‘ulotlarini boshlash uchun zarur chora-tadbirlar belgilanib, mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Deputat so‘roviga munosabat o‘zgarishi shart

Sessiyada axborot bergan rahbarlarga deputatlik so‘rovlariga javob qaytarmaganligi ham eslatildi.

Xususan, 1-Bog‘ibaland saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati Badriddin Nasriyevning ta’kidlashicha, Samarqand shahridagi Zarafshon mahallasi ahli hududdagi suv minorasini ta’mirlash va yangilash uchun barcha zarur jihozlarni keltirgan.

Ammo zarur ishlarni amalga oshirish uchun tegishli ruxsatnoma va malakali mutaxassislar zarur bo‘lmoqda. Bu borada hududdan saylangan deputat sifatida so‘rov yo‘llagan B.Nasriyev aholi oldida mulzam bo‘lib qolayotganligini qayd etdi.

Shuningdek, 52-Toyloq saylov okrugidan deputat Lola Rustamova viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga okrug hududidagi maktablardan birini ta’mirlash va qo‘shimcha sinfxona qurib berish bo‘yicha deputat so‘rovi yuborgan. Mazkur so‘rovga asosli tushuntirish yoki javob berilmayotgani sababini so‘radi.

- Kengash kotibiyati tomonidan har bir deputatlik so‘rov nazoratga olinib, uning ijrosi tashkil qilinishi shart, - dedi Kengash raisi E.Turdimov. – Kengash, uning deputatlari bilan munosabatni endi tubdan o‘zgartirish kerak.

Tashkiliy masalalar ko‘rildi

Sessiya ishida shuningdek, deputatlik o‘rni bo‘shab qolgan 35-Mirbozor va 50-Do‘stlik saylov okruglarida 4 oktbyar kuni saylov o‘tkazilishi belgilandi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi viloyat saylov komissiyasi hamda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining deputatlar guruhi tarkibiga o‘zgartish kiritildi.

Yo.Marqayev.