Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashidagi O‘zMTDP deputatlarning partiya guruhiga rahbar saylandi
Bugun, 10 yanvar kuni Samarqand viloyati hokimligida O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhini ta’sis etish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni partiya viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Azimjon Soliyev kirish so‘zi bilan ochib, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylangan 14 nafar deputatni saylovlarda erishgan muvaffaqiyati bilan tabrikladi hamda ularning oldida turgan muhim vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.
Yig‘ilishda yurtimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida xotin-qizlarning rolini oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlarga ham alohida e’tibor qaratilib, xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylangan 14 nafar deputatlarning 6 nafari xotin-qizlar ekanligi mamnuniyat bilan qayd etildi.
- Deputatlik - ulkan mas’uliyat, - dedi Azimjon Soliyev. - Demokratik tamoyillar asosida o‘tgan saylovlarda partiyamiz g‘oyalariga va sizning dasturingizga ishonib, saylovchilar nomzodlaringizni qo‘llab-quvvatladi hamda deputatlikka munosib topdi. Shunday ekan, sizga yuksak ishonch bildirgan aholining ishonchini oqlash, partiyamizning 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar ijrosini to‘la ta’minlash, mamlakatimizda kechayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishda jonbozlik ko‘rsatib mehnat qilishingiz lozim.
Shundan so‘ng kun tartibidagi masalaga o‘tildi va yig‘ilish ishtirokchilari xalq deputatlari viloyat Kengashida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi manfaatlarini himoya qilish maqsadida partiya guruhini ta’sis etish masalasini ko‘rib chiqishdi. Xalq deputatlari viloyat Kengashida ta’sis etilgan partiya guruhi rahbari vazifasiga Samarqand viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi, 6–Mehrobod saylov okrugidan saylangan deputat Suhrob Rafiqov nomzodi tavsiya etildi hamda bir ovozdan ma’qullandi.
Yig‘ilish yakunida deputatlik guruhining “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish masalalari muhokama qilinib, deputatlarning bu boradagi takliflari, fikr-mulohazalari eshitildi.
O‘zMTDP Samarqand viloyati kengashi matbuot xizmati.