Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 apreldagi "Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishini ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-5005-sonli Farmoniga ko‘ra, xalq deputatlari viloyat Kengashi QAROR QILADI:
1. Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i A.Toshpo‘latovning "Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasining viloyatda jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi holati to‘g‘risidagi hisoboti" ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 apreldagi "Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishini ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-5005-sonli Farmoni bilan:
– 2017 yil 1 oktyabrdan boshlab xalq deputatlari Toshkent shahar va viloyatlar Kengashlari tomonidan har chorakda tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining hisobotlari eshitilishi;
– xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari tomonidan har chorakda tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) boshliqlarining hisobotlari hamda har oyda ularning yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari – huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi (bo‘linmasi) boshliqlarining hisobotlari eshitilishi;
– ichki ishlar organlari mansabdor shaxslarining hisobotlari eshitilayotganda ular zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilishi yuzasidan ko‘rilayotgan choralar va ishlar natijasi tanqidiy muhokama qilinishi, ular faoliyatining samaradorligiga alohida baho berilishi, shuningdek, egallab turgan lavozimiga loyiq yoki noloyiqligi haqida tavsiyalar qabul qilinishi tartiblari o‘rnatilganligi mahalliy kengashlarning asosiy vazifalaridan biri etib belgilansin.
3. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi (A.Toshpo‘latov)ga:
– jinoyatchilikning oldini olish va unga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida joylardagi kriminogen vaziyatni chuqur o‘rganish, mavjud kuch va vositalardan foydalanish samaradorligi hamda ulardan to‘liq foydalanilayotganligi holatini muntazam ravishda tahlil qilib borish;
– mahalliy hokimliklar, o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda jinoyatlar, ayniqsa, ular ko‘payishining oldini olish borasida aniq chora-tadbirlar belgilash;
– huquqbuzarliklarning oldini olish, aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni shakllantirish va oshirish masalalarini hal etishda xalq ta’limi, madaniyat, jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikdagi tadbirlarni o‘tkazib borish;
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘i asosida Samarqand shahrida "Xavfsiz hudud posbonlari" jamoatchilik tuzilmasi faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish;
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 martdagi PQ-2833-son Qarori asosida har payshanba kuni "Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni" tadbirlarining sifatli o‘tkazilishini ta’minlash;
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tashkil etilgan xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘yicha belgilangan ishlarni amalga oshirish;
"Xavfsiz shahar" dasturi asosida Samarqand shahrining asosiy ko‘chalari va chorrahalarida yo‘l harakati qoidalari buzilishini avtomatlashtirilgan tarzda aniqlaydigan videokuzatuv qayd etish moslamalari o‘rnatish;
– voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayniqsa, maktab, litsey va kollej o‘quvchilari o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ta’lim uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan zarur tadbirlarini o‘tkazish;
– jamoat joylarida jinoyatlarning oldini olish ishlariga mahalla posbonlari va keng jamoatchilikni jalb etish, profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda oila-turmush doirasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar va huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borish;
– ichki ishlar xodimlarining xalq bilan tunu kun birga bo‘lib, ularning dardu tashvishlaridan to‘liq xabardor bo‘lishi, mavjud muammolarni bartaraf etishi, xodimlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun ular bilan doimiy ravishda malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘quv-seminar mashg‘ulotlarini o‘tkazib, malakasini oshirish;
– ichki ishlar idoralarining shaxsiy tarkibini o‘z xizmat vazifasiga sadoqat va vijdonan yondashishi, ular ichida nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etishga moyil bo‘lgan xodimlarni aniqlash va bir oy muddatda shaxsiy tarkibni nopok xodimlardan tozalash choralarini ko‘rish vazifalari yuklatilsin.
4. Xalq deputatlari tuman, shahar kengashlariga hududlarda jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi tadbirlarini kuchaytirish borasida zarur chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining Qonuniylik, huquq-tartibot va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi (O.Axtamov) zimmasiga yuklansin.
Viloyat Kengashi sessiyasi
raisi B.ShAROFOV
2018 yil 12 mart