Xalq o‘yinlari faqat Navro‘z bayramlarida o‘ynaladimi?

Milliy o‘yinlar tarixi haqida bilasizmi? Bu o‘yinlarning dastlabki namunalari Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘otit turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Firdavsiyning “Shohnoma”, Kaykovusning “Qobusnoma” va Alisher Navoiy asarlarida uchrashini-chi?

Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘otit turk” asarida 150 ga yaqin milliy o‘yinlar va 20 dan ortiq bolalar o‘yini tavsif qilingan. Jumladan, “qorang‘uni” (qorong‘ida qo‘rg‘on olish), “bandol” (asir olish), “o‘tish-o‘tish” (davra o‘yini), “chavgon” (to‘p o‘yini), “o‘t bandal” (tayoq o‘yini), qilichbozlik, nayzadorlik haqida ma’lumot beriladi. Mavsumiy “tolbargak”, “gul o‘yini”, “qorxat”, “yomg‘ir yog‘aloq”, “topishmoq top”, “tez aytish”, “kim aytdi” ham shular jumlasidan.

O‘g‘il bolalar “Chillak”, “Tortishmachoq”ni yaxshi ko‘rsa, qizlar “Supur-supur”, “Oq terakmi, ko‘k terak?”, “Happak tosh” kabilarga qiziqqan. O‘yinlarga e’tibor bersangiz, hammasi ham harakatdan yoki jismoniy va aqliy mehnatdan iborat. Masalan, tez aytish bilan bolalar nutqidagi nuqsonlar to‘g‘rilangan bo‘lsa, topishmoqlar orqali zehni oshgan. Tortishmachoq, chillak kabi o‘yinlar bolalarning jismoniy imkoniyatlarini yanada oshirgan.

Vaqt o‘tishi bilan bu harakatlar takomillashib borgan. “Tosh ko‘tarish”, “Ot ustida kurash”, “Ko‘pkari”, “Lanka”, “Arqon tortish”, “Chillak” va boshqa shu kabi xalq o‘yinlari ko‘rinishiga kelib, yoshlarning sevimli mashg‘uloti va musobaqalariga aylangan.

Keyingi vaqtda yoshlar, umuman, aholi o‘rtasida xalq o‘yinlari va milliy sport turlariga e’tibor oshmoqda. Ayniqsa, Navro‘z bayrami arafasida arqon tortish, kurash, tosh ko‘tarish, uloq-ko‘pkari musobaqalari doimiy o‘tkazib kelinmoqda. Ammo aksariyat xalq o‘yinlarining faqat Navro‘z bayramlarida o‘ynalish odat tusiga aylanayotgani ko‘ngilni xira qiladi.

To‘g‘ri, turli bayram va festivallarda ham milliy o‘yinlar bilan bog‘liq musobaqalar tashkil qilinyapti, ta’lim muassasalarining jismoniy madaniyat ta’lim yo‘nalishi dasturlarida xalq o‘yinlarini o‘z ichiga olgan harakatli o‘yinlar darslari o‘qitilib, yangi qo‘llanma va adabiyotlar yaratilmoqda. Jumladan, Jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti Samarqand filialida malaka oshiruvchi maktabgacha ta’lim muassasalari jismoniy tarbiya yo‘riqchi-uslubchilari hamda umumta’lim maktablari jismoniy tarbiya o‘qituvchilariga “Harakatli o‘yinlarni o‘qitish uslubiyati” fani bo‘yicha amaliy va nazariy mashg‘ulotlar tashkil qilingan. Shu bilan bir qatorda filial professor-o‘qituvchilari hamda tinglovchilarga maxsus o‘quv-seminarlar va har xil musobaqalar, mahorat darslari o‘tilmoqda. Ammo bunday foydali ishlarni barcha ta’lim muassasalarida tashkil etilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Viloyatda kurash, belbog‘li kurash, o‘zbek jang san’ati va ot sporti (uloq-ko‘pkari) kabi milliy sport turlari bo‘yicha samarali ishlar qilinmoqda va ijobiy natijalarga erishilgan. Jumladan, viloyatimizning barcha tumanlaridagi sport maktablarida kurash bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulot seksiyalari tashkil etilgan. Ayniqsa, respublika bo‘ylab tashkil etilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarida kurash sport turining kiritilishi milliy sport turiga qaratilayotgan e’tibor natijasidir. Hozirda viloyatda kurash bilan shug‘ullanadiganlar soni 2700 nafardan ortiq bo‘lib, sportchilar o‘tgan yil xalqaro va respublika musobaqalarida 15 ta oltin, 21 ta kumush, 49 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Belbog‘li kurash bo‘yicha Samarqandda 7 nafar murabbiy qo‘l ostida 70 nafardan ortiq sportchi shug‘ullanadi. Ularning 8 nafari O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi.

Viloyatda o‘zbek jang san’ati bo‘yicha 2500 nafar sportchi shug‘ullanadi. Ularning 200 nafarga yaqini qora belbog‘ sohibi, 20 dan ortig‘i jahon chempioni, 100 nafari O‘zbekiston chempioni, 30 nafari sport ustasi, 150 nafarga yaqini sport ustaligiga nomzod va 3 nafari davlat mukofoti sohibi.

Viloyatda ot sporti (uloq-ko‘pkari)ni rivojlantirish borasidagi ishlar ham e’tiborga molik. Birgina 2022 yilda viloyatda 50 dan ziyod viloyat, O‘zbekiston chempionati hamda xalqaro turnirlar o‘tkazildi. Jomboy tumanidagi “Qoraqasmoq” otchoparida uloq-ko‘pkari musobaqasida yurtimizning turli hududlaridan, shuningdek, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlaridan chavandozlar ishtirok etdi. Ot sportini rivojlantirish maqsadida chavandozlar sport maktabi ochildi va Qorabayir, Axaltekin zotli 16 bosh ot olib kelindi. Hozirda maktabda 100 nafarga yaqin yosh ot sportining “beshkurash”, “ot yurttirish”, “polo”, “to‘siqlardan sakrash”, “uloq-ko‘pkari” yo‘nalishlari bo‘yicha shug‘ullanmoqda.  Shuningdek, bo‘linmalarda xizmat otlaridan foydalangan holda mahalla yoshlari va maktab o‘quvchilari uchun mashg‘ulotlar o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Hamroqul Rofiyev,

Jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini malakasini oshirish instituti Samarqand filiali professori.