Xalq sektorlarga ishonadimi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15-16 aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida o‘tkazilgan yig‘ilish bayonnomasining 169-bandida tuman (shahar)lar sektor rahbarlarining “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar bilan ishlash bo‘yicha faoliyatini baholab borishda aholining sektorlar faoliyatidan qoniqish darajasini ijtimoiy so‘rov o‘tkazish orqali har chorakda o‘rganish belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand filiali tomonidan joriy yilning 3-19 iyun kunlari viloyatdagi barcha (1105 ta) mahallalarda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi xodimlari, “Liderlar klubi” a’zolari, Yoshlar ittifoqining joylardagi yetakchilari hamda Samarqand davlat universiteti Psixologiya va ijtimoiy munosabatlar fakulteti sotsiologiya yo‘nalishi talabalari yordamida anonim ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazildi.
Ijtimoiy so‘rovnomada jami 1105 ta mahalla raislari hamda har bir mahalladan 10 nafardan, jami 12155 ta respondent ishtirok etdi.
Respondentlarning 47,8 foizi ayollar, 5,2 foizi 16-20 yosh,
17,5 foizi 21-30 yosh, 26,4 foizi 31-40 yosh, 21,3 foizi 41-50 yosh,
17,0 foizi 51-60 yoshdagilar va 12,6 foizi 61 yoshdan oshganlarni tashkil qildi.
So‘rovnomada 2997 nafar ishsiz, 2210 nafar talaba, 1759 nafar pensioner, 1558 nafar uy bekasi, 1198 nafar pedagog, 583 nafar tibbiyot xodimi va 104 nafar harbiylar ishtirok etdi.
Mazkur ijtimoiy so‘rov orqali joylardagi aholining hokimlik va sektor rahbarlari faoliyatidan, mavjud transport, uy-joy kommunal xizmatidan, ichimlik suvi, tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr-energiyasi ta’minotidan, ichki avtomobil yo‘llarining sifatidan hamda mutasaddi tashkilotlarga yo‘llangan murojaatlarning ko‘rib chiqilishidan qoniqish darajasi aniqlandi.
Tahlillarga ko‘ra, respondentlarning 42,1 foizi ichki avtomobil yo‘llarining sifatidan, 36,2 foizi ichimlik suvi bilan ta’minlanish holatidan, 33,1 foizi Uy-joy kommunal xizmati tuman va shahar bo‘limlaridan, 26,3 foizi mavjud transport xizmatidan,
19,9 foizi gaz ta’minotidan noroziligini bildirdi.
Shuningdek, 24,7 foizi mutasaddi tashkilotlar tomonidan aholi murojatlarining o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi hamda ijobiy hal etilishi yuzasidan qoniqmasligini bildirdi.
Jumladan, respondentlarning 51,7 foizi mahalliy hokimlik, sektorlar va mutasaddi tashkilotldarga murojaat qilgan bo‘lsada,
19,2 foiz yoki 1099 nafar murojaatchining muammolari hanuzgacha o‘rganilmasdan qolmoqda.
Foziljon AXATOV,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
Samarqand viloyati filiali yetakchi mutaxassisi