“Xalq so‘zi" gazetasi jurnalisti avtohalokatda vafot etdi
“Xalq so‘zi” gazetasi muxbiri, taniqli jurnalist Saidjon Maxsumov 35 yoshida avtohalokat hodisasi oqibatida halok bo‘ldi.
IIV YHXBB axborot xizmati mazkur mudhish YTH bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.
Aniqlanishicha, 19 sentyabr kuni Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumani hududidan o‘tgan «G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynau» xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘lida haydovchi, 1996 yilda tug‘ilgan A.M. boshqaruvidagi «Tacuma» rusumli hamda haydovchi, 1970 yilda tug‘ilgan B.M. boshqaruvida bo‘lgan «Isuzu» rusumli avtomobillar ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘lgan.
Oqibatda «Tacuma» rusumli avtomobil haydovchisi A.M. hodisa joyida, ushbu avtomobil yo‘lovchilari S.M. shifoxonaga olib ketilayotganda, R.J. va A.Q.lar shifoxonada vafot etgan.
Mazkur YTH yuzasidan Tuproqqal’a tumani IIB huzuridagi TB tomonidan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.