“Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan oqdaryolik o‘qituvchi

Adhamxo‘ja Nozimov mehnat faoliyatini 2014 yildan Samarqand shahridagi 42-umumiy o‘rta ta’lim maktabi “Kamolot” yetakchisi hamda tarix fani o‘qituvchisi vazifasidan boshlagan.

U qisqa muddat ichida o‘zining tashabbuskorligi, fidoyiligi bilan tilga tushdi. Ayniqsa, turli ko‘rik-tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egallab, tizim jamoatchiligining e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Jumladan, 2015 yilda Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Eng yaxshi “Kamolot”yetakchisi” ko‘rik-tanlovi sovrindori bo‘lgan. Shu yilning o‘zida “Informatsion texnologiyalar bo‘yicha umumiy tushuncha”, “WINDOWS-XP”, “OFFICE 2000”, (WORD, EXCEL, INTERNET) mavzularidagi maxsus treninglarda faol ishtiroki uchun sertifikat bilan taqdirlangan. “Prezident asarlari bilimdoni” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan.

U ta’lim muassasasidagi mashg‘ulotlarda o‘zi yaratgan 20 dan ortiq ko‘rgazmali qurollardan mahorat bilan foydalanishi natijasida o‘quvchilarda o‘zlashtirish samaradorligi o‘sishiga erishgan.

Intiluvchan yosh pedagog 2016 yilda Oqdaryo tumani xalq ta’limi bo‘limida mutaxassis, sho‘’ba inspektori hamda bo‘limning yoshlar ittifoqi yetakchisi vazifasida ishlagan. Ushbu vazifada boshqaruvchilik va tashabbuskorlik iqtidorini ko‘rsatgan A.Nozimov 2019 yil tumandagi 47-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari sifatida ish boshlagan.

Darvoqe, A.Nozimov 2017 yildan Oqdaryo tumani hokimligi huzuridagi uzluksiz ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etish bo‘yicha “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” guruhining faol a’zosi hisoblanadi.

Joriy yil dekabrda 30 yoshga to‘ladigan fidoyi pedagog tuman tibbiyot birlashmasi shifokori Shaxnozaxon Boboyeva bilan ikki farzandni tarbiyalab voyaga yetkazmoqda.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.