Xalq ta’limi a’lochisi Qahramon Norboyev vafot etdi

“Zarafshon”ning sadoqatli mushtariysi, faol mualliflaridan biri Qahramon Norboyev olamdan o‘tdi.

Q.Norboyev 1941 yil 26 mayda Paxtachi tumanidagi Boloigumbaz qishlog‘ida tug‘ilgan. 1966 yilda Samarqand davlat universitetining til va adabiyot fakultetini tugatdi. Shundan so‘ng qishlog‘idagi 13-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ona tili va adabiyot fanidan 37 yil saboq berdi. Mohir pedagogning ish uslubi tuman maktablari o‘rtasida ommalashtirib borildi. Metodist-o‘qituvchi, Xalq ta’limi a’lochisi, adabiyot, badiiy ijod borasida ko‘plab iqtidorli shogirdlar tayyorladi. Ularga o‘z ijodi bilan ibrat ko‘rsatdi.

Ustozning “Yangi tong” nomli she’rlar to‘plami chiqqan.

Qahramon aka turmush o‘rtog‘i Fazilat ona bilan 2 o‘g‘il va 5 qizni o‘stirib, el koriga kamarbasta bo‘ladigan insonlar qilib tarbiyaladi.

Mohir pedagog, iqtidorli ijodkor Qahramon Norboyevning yorqin xotirasi hamkasblari, shogirdlari va uni bilgan kishilar xotirasida bir umr saqlanib qoladi.