Xalq ta’limi vaziri maktab bitiruvchilariga murojaat qildi
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov maktabni bitirayotgan yoshlarga murojaat qildi:
Hurmatli maktab bitiruvchilari!
Siz hayotingizda eng muhim qadamlarni boshlash arafasidasiz. Shu vaqtgacha qadrdon maktabdagi ustozlaringiz va do‘stlaringiz bilan o‘tkazgan kundalik turmush tarzingiz o‘rniga yangi hayot, ajoyib tassurotlar va tajribalar olamiga safaringiz boshlanmoqda.
Hozirda ko‘pchiligingiz asosiy vaqtingizni oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tayyorgarlikka qaratmoqdasiz. Sizlar uchun yaqinda «Onlayn-maktab» kanallarimizda Davlat test markazi bilan hamkorlikda test topshirishga tayyorgarlik va o‘ziga xos onlayn-repetitorlik saboqlarini boshlaymiz.
Orangizda ishga kirib yoki tadbirkorlik faoliyatini boshlab, ro‘zg‘orga o‘z hissasini qo‘shish harakatida yurganlar ham talaygina. Ular qo‘shimcha kasb o‘rganish uchun kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlarga o‘qishga ham borishi mumkin.
Yoshlarimizga qo‘shimcha yordam sifatida yozda «onlayn-maktab» kanallarida ingliz tilini o‘rganish uchun qiziqarli filmlar va ko‘rsatuvlarni hamda onlayn platformalar orqali daromad topishni o‘rgatishga qaratilgan videodarslarni efirga berib borish ustida ishlayapmiz.
Inson muvaffaqiyatining ko‘pi bilan 10 foizi omadga va tashqi omillarga, qolgan 90 foizi esa aynan o‘ziga bog‘liq ekanligi uchun yuqori maqsadlar qo‘yib, o‘z kuchingizga ishonib, tinmay harakat qilishingiz zarur!
Eng asosiysi, vaqtingizni behuda o‘tkazmang! Vaqt - hayotingizdagi eng qimmatbaho resurs hisoblanadi. Vaqtingizni doim o‘zingiz, oilangiz va jamiyatga foyda keltirish uchun sarf qiling hamda mamlakatimiz nufuzini oshirishga o‘z hissangizni qo‘shing!
Mustaqil hayotga qadam qo‘yishni boshlar ekansiz, sizning kelgusi faoliyatingizga muvaffaqiyatlar tilayman!