Xalq ta’limi vaziri Samarqand maktablarining holatini o‘rgandi
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish ishlarining natijadorligini oshirish hamda o‘quvchilar va pedagog-xodimlarning sog‘lig‘ini himoyalashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov rahbarligidagi ishchi guruhi a’zolari Samarqand viloyati maktablarini o‘rganishni boshladi.
Vazir viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Obloqulov, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov bilan birgalikda Samarqand shahridagi maktablarning yangi o‘quv yiliga tayyorgarligi hamda abituriyentlarning oliy ta’lim muassasalariga kirish testlarini topshirish jarayonlari bilan tanishdi.
Xalq ta’limi vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi vakillaridan iborat ishchi guruhi a’zolari 2-14 sentyabr kunlari davomida viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining epidemiologik xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qo‘yilgan talablarning ijrosini ta’minlash holatini o‘rganadi. Maktablarning an’anaviy tarzda faoliyati yo‘lga qo‘yilishi oldidan har bir tuman va shaharlardagi maktablar bo‘yicha sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarining xulosasi berilib, ushbu yo‘nalishda aniqlangan muammolar hukumat va mahalliy hokimlik darajasida hal etiladi.
Bugundan boshlab viloyat xalq ta’limi boshqarmasida tuzilgan shtabda viloyat bo‘yicha 1255 ta maktab va maxsus maktab-internatlardagi o‘quvchilarning ota-onalari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarning natijalariga muvofiq, an’anaviy yoki onlayn ta’lim jarayonlari tashkil etilishi, o‘qituvchilarning test topshirganligi holati, maktabning dozator, pirometr, antiseptik vositalar bilan ta’minlanganligi bo‘yicha aniq ma’lumotlar jamlanmoqda.
Ushbu o‘rganishlar asosidagi xulosalar xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari muhokamasiga kiritiladi.
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.