Xalq vakillari joylarda

O‘tgan hafta Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari aholi muammolarini joyiga chiqib o‘rgandi.

Xususan, 34-Samarqand saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputat A.Aslanov Samarqand, Toyloq tumanlaridagi saylovchilar bilan uchrashdi.

Dastlab deputat Samarqand tumanidagi Angarolmas, Qo‘shmachit, Toyloq tumanidagi Olmazor mahallalaridan kelib tushgan murojaatlar yechimi bo‘yicha viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi S.Zayniyev bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida Toyloq tumani Olmazor mahallasida yashovchi fuqarolar tomonidan hududda bog‘cha masalasi murojaati bo‘yicha sog‘liqni saqlash boshqarmasi balansida bo‘lgan va bugungi kunda bo‘sh turgan qishloq vrachlik punktini tuman hokimligi balansiga berish va u joydan bolalar bog‘chasi qurish masalasi ijobiy hal etildi.

Bugungi kunda har bir iste’molchi maishiy gaz ballonni o‘z vaqtida hamda maxsus ID-kartalar orqali olishi lozim. Shu bilan birga maishiy gaz ballonlarni xavfsiz va zarar yetkazmasdan, muddatidan kechiktirmay aholi xonadonlariga tarqatilishi mahalla mas’ullari, deputatlarning muntazam nazoratida.

Shu maqsadda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdulla Aslanov Samarqand, Toyloq tuman gaz ta’minoti idorasi faoliyati bilan tanishdi. Uchrashuv davomida deputat mazkur tumanlar gaz idoralari ishchi-xodimlari faoliyati bilan tanishdi, aholiga yetkazib berilayotgan gaz ballonlar yaroqliligi holatini o‘rgandi. 

Talab qanday, holat-chi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdulla Aslanov  tuman Kengashi deputatlari hamda O‘zLiDeP viloyat kengashi mas’ullari bilan birga Toyloq tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi faoliyati bilan tanishdi. Uchrashuv davomida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida suhbatlashildi. Bugungi kunda tumanda 61 ta umumta’lim maktabi va 45 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud.

- Joriy yilda 2540 nafar bitiruvchi maktabni tugatyapti, - deydi tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i O‘lmas Usmonov. - Ayni paytda 311 nafar bitiruvchi o‘quvchilarda milliy va xalqaro sertifikatlar bor. Hozirda ta’lim berayotgan 3100 nafar o‘qituvchi pedagoglardan 291 nafari 8 million so‘mdan 20 million so‘mgacha maosh oladi.

Toyloq tumanidagi Madaniyat mahallasi aholisi ekinlarini sug‘orishda qiynalayotgan edi va tegishli tashkilotlar bilan gaplashilib, Madaniyat aholisi uchun darg‘om kanalidan suv yo‘lagi ajratib berildi.

Tumandagi Fayziobod mahallasi aholisidan kelib tushgan murojaat bo‘yicha joyiga borib o‘rganildi va mahallaga ichimlik suvi tarmog‘i tortish ishlari jadallashtirildi. 

Deputatga tushgan murojaatlar to‘liq nazoratga olindi va tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yuboriladigan bo‘ldi.

Mahalla yettiligi o‘rganildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Botirali Shodiyev Past Darg‘om tumani Shombuloq mahallasi yettiligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Uchrashuv davomida 4 mingdan ziyod aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini muhofaza qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, mahalladagi 725 ta xonadondagi ko‘kalamzorlashtirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan 500 tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini parvarishlash, huquqbuzarlik va jinoyatchiliklarning oldini olish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar belgilab olindi.

Ekologik madaniyatni oiladan boshlash, “Yashil belbog‘”lar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Bulung‘urliklarni nima qiynayapti?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Azamat Pardayev aholining yashash sharoiti, ehtiyojlari va ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganish maqsadida Bulung‘ur tumanining G‘o‘bdin, Lalmikor, Nurli yo‘l mahallalarida bo‘lib, saylovchilari bilan uchrashdi.

Muloqotlarda G‘o‘bdin mahallasidan o‘tuvchi ko‘chaning 5 kilometr qismi ta’mirtalabligi, eskirgan simyog‘och ustunlarni almashtirish zarurligi, Lalmikor mahallasida esa ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq kamchiliklar mavjudligi ma’lum bo‘ldi va saylovchilar tomonidan ko‘tarilgan qator muammolar tumandagi tashkilotlar mas’ullari, mahalla faollari ishtirokida joyida o‘rganildi.

Jumladan, tumandagi 31-umumta’lim maktabining avtobusi ijara natijasida ajratilgani aniqlanib, mutasaddi tashkilot bilan olib borilgan muzokara asosida ijara muddatini uzaytirishga kelishildi hamda tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari boshlab yuborildi. Shuningdek, 23-umumiy o‘rta ta’lim maktabini ta’mirlash uchun davlat dasturiga kiritish bo‘yicha berilgan takliflar ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvlarda bildirilgan har bitta murojaat va taklif nazoratga olinib, ular asosida mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda tizimli ishlarni amalga oshirish belgilandi.

Ishtixonlik tadbirkorga yordam kerak...

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati H.Yarqulov Ishtixon tumanidagi Qayirma mahallasida joylashgan  “Rahmat ota” xususiy tibbiyot markazida bo‘ldi.

Markaz direktori tomonidan faoliyatini kengaytirish loyihasini amalga oshirish uchun bankdan imtiyozli shartlarda bank krediti zarurligi va avvalgi olingan  1,1 milliard so‘m miqdorda olingan kredit uchun garovga qo‘yilgan 3 ta binodan bugungi kunda 280 million so‘m miqdorda kredit qoldig‘iga mos bitta binoni garovda qoldirgan holda 2 ta binoni yangi olinadigan kredit uchun garovga qo‘yish maqsadida ularni garovdan chiqarish chorasini ko‘rishda amaliy yordam so‘raldi.

Murojaatda keltirilgan masalani tegishli tartibda ma’sul vazirlik va bank vakillari bilan hamkorlikda yechish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.

Partiyalar viloyat kengashlari ma’lumotlari asosida tayyorlandi.