Xalqaro kuzatuvchilar Samarqanddagi okrug komissiyasi faoliyati bilan tanishdi
Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish maqsadida mamlakatimizda ish boshlagan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi cheklangan missiyasi uzoq muddatli kuzatuvchilari Oyvind Seym va Rebekka Meyer bugun 7-Samarqand okrug komissiyasi faoliyati bilan tanishdi.
Okrug komissiyasi raisi X.Muhammadiyev joriy yilning 9 iyul kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston Prezidenti saylovi kampaniyasi doirasida okrug komissiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
– Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarori bilan Samarqand viloyati chegarasi doirasida 7-Samarqand saylov okrugi tuzilgan va okrug komissiyasi 21 kishidan iborat tarkibda tasdiqlangan, – dedi X.Muhammadiyev. – Okrug hududida 1112 ta saylov uchastkasi tuzilgan va ularning tarkibini tasdiqlaganmiz. Uchastka saylov komissiyalari tarkibi 11 823 nafardan iborat. Ularning 77 foizi avval saylov va referendumlarda qatnashgan, bu borada tajribaga ega. Oliy ma’lumotlilar 78 foiz. Xotin-qizlar 44 foiz, 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 15 foiz. Shuningdek, komissiya a’zolarining 140 nafarini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etmoqda. Ayni paytda uchastka saylov komissiyalari a’zolari o‘qitilmoqda.
Uchrashuvda YeXHT DIIHB kuzatuvchilari okrug hududida saylovga ko‘rilayotgan tayyogarlik, uchastka saylov komissiyalari tarkibi, Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqotining borishi, muddatidan oldin ovoz berish tartibi, saylov kompaniyasida ommaviy axborot vositalarining ishtiroki va boshqa masalalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga komissiya raisi va komissiya a’zolarini batafsil javob oldilar.
Shuningdek, uchrashuvda ushbu haftada YeXHT DIIHB cheklangan missiyasi rahbari Samarqandga kelib, jarayonlar bilan tanishishi qayd etildi.
7-Samarqand okrug komissiyasi matbuot markazi