Xalqaro kuzatuvchilar: “Saylov ochiq va shaffof o‘tmoqda”
Djeyms Dyurso, “Corsair LLC” kompaniyasi ijrochi direktori (AQSh):
– O‘zbekistondagi saylov qonunchiligining takomillashtirilgani, jarayonning ochiq va shaffof o‘tkazilayotgani e’tirof etishga arziydi. Ayniqsa, bunda zamonaviy texnologiyalardan foydalanilayotgani menga manzur bo‘ldi. Saylov uchastkalarini onlayn kuzatish imkoniyati yaratilgan. Saylovchilarning ovoz berishda qatnashayotgani ham elektron tarzda kuzatib borilmoqda. Bundan tashqari, har soatda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan matbuot anjumani, brifinglar o‘tkazilib, muhim ma’lumotlar berilayotgani saylovning ochiqligini ta’minlash va aholi xabardorligini oshirishga yordam beradi. Bizda – AQShda saylov bo‘yicha 200 yillik tajriba majud.
Yanush Pexochinskiy, “Polsha-Osiyo” savdo-sanoat palatasi prezidenti, iqtisodiyot va tashqi savdo bo‘yicha Polsha Vazirlar Mahkamasi maslahatchisi:
– Samarqanddagi saylov uchastkalari va okrug saylov komissiyasida bo‘lib, saylovga juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rilganiga guvoh bo‘ldim. Prezidentlik uchun besh nomzod o‘rtasida kurash borayotgani e’tiborli. Bu ham demokratiyaning yorqin ifodasi.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga yaqinda Polsha fuqarolarini Afg‘onistondan olib chiqib ketishda ko‘rsatgan yorami uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Bundan tashqari, o‘zbek xalqi Ikkinchi jahon urushi vaqtida ham Markaziy Osiyoga ko‘chirilgan polyaklarga yuksak insonparvarlik, g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan. Mening buvim ham o‘tgan asr 40-yillarida shu yurtga kelib, panoh topgan.
O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalar keyingi paytda rivojlanib bormoqda. Yurtingizga tashrifim davomida bu boradagi hamkorligimizni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishishni ham niyat qilganman. Ushbu yo‘nalishda o‘zbekistonlik hamkorlar bilan fikrlashib oldim.
Xose Mario Chikillo Barber, (ispaniyalik kuzatuvchi):
– Bundan avval boshqa davlatlardagi, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi saylovlarni kuzatganman. O‘zbekistonda birinchi marta bunday siyosiy tadbirda ishtirok etyapman. Samarqanddagi saylov uchastkalarida bo‘ldim. Ochig‘i, taassurotlarim bir olam. Saylovchilarning faolligi, o‘z xohish-irodalarini erkin bildirayotganini kuzatdim. Barcha jarayonlar ochiq-oshkora, shaffof tashkil etilgan. Buning barchasi O‘zbekiston aholisining mamlakat kelajagiga befarq emasligi, saylov qonunchiligi mukammalligidan dalolat beradi.